Mahallalarni rivojlantirish uchun 7 trillion so‘m ajratiladi: Prezident yangi dasturni boshladi

Bu kabi xayrli tashabbuslar Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirildi.
Mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz “Yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqib, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqargani hamda 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga kelganini ta’kidladilar.
Prezidentimiz tomonidan o‘tgan hafta imzolagan qarorga muvofiq, yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi. Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyoti bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion so‘m ajratilib, umuman bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Viloyat hokimlarining o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so‘mdan yo‘naltirilishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bir oy oldin “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha yangi qaror qabul qilinib, mahallada odamlarni o‘zi faol bo‘lib boshlagan loyihalarga ko‘mak beradigan tizim joriy qilindi. Bunda qaysi mahallada aholi yo‘l, suv, maktab, bog‘chani ta’mirlashni boshlagan bo‘lsa, xarajatning yarmi davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladigan bo‘ldi. Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda yana mingta loyihaga 500 milliard so‘m ajratiladi.
Prezidentimiz bu borada yana bir yangilikni e’lon qildi. Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘laganlik darajasiga qarab, “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” reytingini e’lon qildi.
Bunda 100 talikka kirgan mahallaga “Tashabbusli byudjet”ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi byudjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarni har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlariga o‘z okrugidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun har biriga 3 milliard so‘mdan mablag‘ beriladi.
Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla byudjetiga yo‘naltiriladi.
Mahallalar byudjetiga 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.
Bu mablag‘larni to‘g‘ri sarflanishi albatta, Yangi O‘zbekistonimizning yorqin qiyofasi, fuqarolar hayotining farovonligi uchun xizmat qiladi.
Prezidentimiz mazkur videoselektor yig‘ilishida yana bir qancha muammolarni ham sanab o‘tdiki, bularni hal qilish ham bevosita har birimizning doimiy diqqat-e’tiborimizda bo‘lishi lozimdir.
- Islohotlarimizning ostonasi bo‘lgan har bitta mahallaga Yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish ”Mahalla yettiligi”ning yagona jamoa bo‘lib ishlashiga bog‘liq, - dedi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, yig‘ilishda ko‘tarilgan fikrlar, belgilangan vazifalar, yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami shunchalar keng va dolzarbki, bu islohotlar har qanday kishini ruhlantiradi. Shunday ekan, har birimiz ushbu tashabbuslarning amalga oshishida o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishni shu bugundan boshlashimiz lozim bo‘ladi.
Badriddin Nasriyev,
O‘zXDP viloyati kengashi raisi, viloyat Kengashi deputati.