Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i deputatlarga hisob berishga tayyor

Kecha, 27 mart kuni telegram kanal va saytimizda “Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i deputatlarga hisob bergisi kelmadi” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Maqola yuzasidan viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmati javob xati yo‘lladi.
"26 mart kuni o‘tkazilgan O‘zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘ining “Xizmat sohasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangidan tashkil etiladigan savdo komplekslari va mehmonxonalar uchun mol-mulk va yer solig‘idan imtiyozlar berish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” yuzasidan hisoboti eshitilishi rejalashtirilgan edi.
Shu yilning 3-5 aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi rasmiy sammiti hamda “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida birdamlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i yuqoridagi tadbirlarga tayyorgarlik jarayonini o‘rganish uchun viloyatimizda bo‘lib turgan Respublika ishchi guruhiga hamrohlik qilayotganligi sababli O‘zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida ishtirok eta olmagan. Shu sababli mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lim boshlig‘i hamda mutaxassis yig‘ilishda hisobot berishga tayyor holda qatnashgan.
Viloyat soliq boshqarmasi rahbari hisobotga tayyor, jamoatchilikka axborot berishda shaffoflik va ochiqlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zLiDeP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida batafsil hisobot berishini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.