Xantavirus sabab bir nechta davlatlar karantin choralarini kuchaytirdi

Dunyo bo‘ylab xantavirus tarqalayotgani haqida xabarlar ko‘paymoqda. Hondius laynerida boshlangan virus hozir samolyotlar orqali ham boshqa davlatlarga yetib borayotgani aytilmoqda.

Xususan, Fransiya, Germaniya va Polshada karantin choralari kuchaytirildi, ayrim yo‘lovchilar izolyasiyaga olingan.

Hondius kruiz layneri 1 aprel kuni Argentinadan Antarktida tomon sayohatga chiqqan edi. Sayohat davomida laynerda xantavirus tarqalishi aniqlandi. Birinchi o‘lim 11 aprel kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kema bortida qayd etilgan. Keyinchalik yana bir keksa ayol vafot etdi. Uchinchi o‘lim esa 2 may kuni yana layner bortida sodir bo‘lgan.

Kamida sakkiz kishida kasallik belgilari tasdiqlangan. Mutaxassislar virusning Andes turi aniqlanganini aytmoqda. Bu tur juda kam uchraydi va odamdan odamga faqat juda yaqin muloqotda yuqishi mumkin.

10 may kuni layner Ispaniyaning Tenerife oroliga yetib kelgan. Shu vaqtga qadar yo‘lovchilar bir necha kun davomida kemada karantinda ushlab turilgan. Keyin evakuatsiya ishlari boshlandi. Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlar o‘z fuqarolarini maxsus reyslar bilan olib chiqdi.

Tenerifedan uchib ketgan Fransiya va AQSh yo‘lovchilarida ham virus alomatlari kuzatilgan. Germaniya va Polsha yo‘lovchilari ham karantinga olingan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hozircha ommaviy pandemiya xavfi yo‘qligini aytmoqda. Xantavirus odatda kemiruvchilar orqali yuqadi va ko‘p hollarda odamdan odamga o‘tmaydi. Kasallik isitma, o‘pka, yurak va buyrak bilan bog‘liq og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.