Tibbiy sug‘urta majburiymi yo ixtiyoriy?
- Ayrim hollarda kasalxonalarda ishxonamdan berilgan sug‘urta polisi asosida davolanyapman yoki tibbiy ko‘rikdan o‘tyapman, degan gaplarni eshitib qolamiz. Bu barcha ish beruvchilar uchun majburiymi yoki ixtiyoriy sug‘urta turimi?
Ushbu savolga “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi viloyat filiali rahbari Anvar Boliyevning javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Bugun bu masalaga e’tibor qaratayotgan, qaysiki qo‘l ostidagilarning salomatligiga be’etibor bo‘lmagan ish beruvchilar ko‘payib bormoqda.
Ammo bir narsani alohida ta’kidlash o‘rinli. Negaki, ayrim rahbarlar bundan bexabar bo‘lishlari ham mumkin. 2009 yilda “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Ushbu qonunga asosan jismoniy va yuridik shakldagi ish beruvchilar sug‘urta shartnomalarini tuzishga majbur hisoblanadi.
Bunday sug‘urta shartnomasida xodim o‘z funksional vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan xodimning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha ish beruvchining fuqarolik javobgarligi vujudga kelganda sug‘urta kompaniyasi tomonidan tovon to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
Ochig‘i, bizda hali ixtiyoriy sug‘urta madaniyati bir muncha passiv. Misol uchun, ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha 2018 yilda 180 ming 175 ta sug‘urta qilingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2020 yilda bor-yo‘g‘i 86 ming 242 tani tashkil qilgan.