Eksport — O‘zbekistonni boyitayotgan kuch, farovonlikka olib boradigan yo‘l ham shu
Tadbirkor bo‘lganim uchun iqtisodiy taraqqiyotning jahondagi barcha tajribalari bilan qiziqib yuraman.
Shu sababli aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan iqtisodiyotimizda yuz berayotgan yangiliklardan qalbim quvonchga to‘ladi. Ayniqsa, O‘zbekistonda eksportning o‘sib borayotgani belimizni baquvvat, ko‘nglimizni charog‘on qilmoqda.
Bir narsaga ishonch hosil qildimki, taraqqiy etgan davlatlar faqat eksport hisobiga boyimoqda. Bizda ham aynan ana shu siyosat tizimga aylanyapti. Eksport bu – shunchaki mahsulotni boshqa bir davlatga sotish emas. Chunki dunyo bozorini osongina egallab bo‘lmaydi, hatto unga kirishning o‘zi mushkul.
Eksport, avvalo, bu jarayonga ilmiy yondashishni talab etadi. Yerni, mahsulotni, xomashyoni dunyo bozoriga tayyorlash uchun nafaqat tizim, balki juda katta ilmiy salohiyat kerak. O‘zbekiston ana shunday imkoniyatlarga ega o‘lka.
Viloyatimizda 2025 yilda 1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi. Bu borada 2017 yilga nisbatan 5 barobar o‘sishga erishdik. Aynan ana shu davrda eksport qiluvchi korxonalar ham, mahsulotlar soni ham va uni qabul qiluvchi davlatlar safi ham kengaydi. Misol uchun, bizning konsern tarkibidagi korxonalar 2017 yilda bor-yo‘g‘i 8 turdagi mahsulotni 7 davlatga (ularning ham uchtasi qo‘shnilar) eksport qilgan. O‘tgan yili esa Germaniya, Rossiya, Gruziya, Ukraina, Chexiya, Afg‘oniston, Polsha, Qirg‘iziston va Tojikistonga qariyb 70 million dollarlik 15 turdagi mahsulot eksport qilindi.
Bir paytlari biz uchun orzu bo‘lgan tekstil mahsulotlarining eksporti ham kundan-kunga ortib boryapti. Paxta, pilla kabi xomashyolar o‘zimizda ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, ulardan tayyorlangan mahsulotlar mutlaqo chetga chiqarilmagan. Negaki, bizdagi fabrikalarning uskunalari jahon bozoriga raqobatbardosh mahsulot tayyorlay olmagan. Bugun esa birgina bizning «ZARAFShON-TEKSTIL» mas’uliyati cheklangan jamiyatimizda tayyorlanayotgan kiyimlar Rossiya, Polsha va Chexiyaga eksport qilinmoqda. Keyingi ikki yilda mahsulotlar turi beshtaga ko‘paydi, bozorimizning 35 foizini Germaniyadek taraqqiy etgan davlat xaridorlari tashkil etyapti.
Jomboy tumanida joylashgan «OHALIK OLTIN BOG‘I MEVASI» mas’uliyati cheklangan jamiyatimiz 2018 yildan buyon meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanadi. 2020 yildan boshlab esa biz meva-sabzavotlarni qayta ishlab, ularni konservalangan va muzlatilgan holda eksport qilishni boshladik. O‘tgan yilning o‘zida Gruziya, Qirg‘iziston, Polsha, Ukraina va Chexiyaga 50 million dollarlik mahsulot sotdik.
Davlatimiz rahbari qaysi mamlakatga bormasin, eng avvalo, sarmoyadorlar bilan suhbatlashyapti. Mamlakat ichkarisida esa investitsiyaviy jozibadorlikni ta’minlash choralarini ko‘ryapti. Bu bejiz emas. O‘zbekiston qayta ishlash uchun juda katta xomashyoga ega mintaqa. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlar qadri baland. Shuning uchun ham biz ularni dunyo bozoriga moslab yetishtirish yo‘llarini qidiryapmiz. Buning uchun o‘simlikning hujayrasidan ko‘paytiradigan in-vitro laboratoriyasi tashkil etganmiz. Biz yaratayotgan yangi navlar o‘zimizning tuproq va iqlim sharoitimizga moslashtirilgan, serhosil va turli kasalliklarga chidamlidir. Xorijdan keltirilayotgan in-vitro ko‘chatlarining hammasi ham bizga mos, deb bo‘lmaydi. Hatto ayrimlari qisqa vaqt hosil berib, qurib qolmoqda.
Yaqinda Samarqand davlat universiteti rahbariyati va olimlarining mamlakatimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotni xorijga jo‘natishdan oldin sinovdan o‘tkaziladigan laboratoriya olayotganini eshitib xursand bo‘ldim. Bu ishni hozirgacha ba’zan xorijda, ba’zan esa Toshkentdagi yagona laboratoriyada katta pul va navbat hisobiga bajarayotgan edik. Bundan tashqari, aynan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga meva-sabzavot yetishtirib beruvchilarga juda katta imtiyozlar berilyapti. Hatto oddiy tomorqaga ekkan mevali daraxtlar xarajatining yarmini davlat to‘lamoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, eksport bugun O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi jarayoniga aylanishi zarur. Chunki u zaminimiz, zakovatimiz qudratini namoyon qiladi, u xazinamizni daromadga to‘ldiradi, pirovardida, hayotimizni farovon qiladi.
Shavkat ShARIPOV,
Oliy Majlis Senati a’zosi.