Ta’lim krediti: Viloyatdagi banklar tomonidan talabalarga ikki yarim oyda 100 milliard so‘mga yaqin kredit ajratildi
Uch yildirki, Prezident qarori asosida respublikamizdagi barcha davlat, nodavlat, mamlakatimiz hududidagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga tijorat banklari tomonidan ta’lim krediti ajratib kelinmoqda.
Shu o‘rinda birgina raqamlar o‘rtasidagi farq orqali ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi va u joriy etilgunga qadar amalda bo‘lgan tartib o‘rtasidagi katta ijobiy tafovutga baho berish mumkin.
2020/2021 o‘quv yili uchun viloyatdagi bank filiallari tomonidan o‘sha payt amalda bo‘lgan, Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi “Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari berish to‘g‘risida” qarori asosida jami 461 nafar talabaga 4 milliard 667 million so‘m ta’lim krediti ajratilgan. 2021 yil 1 avgust holatiga viloyat bank tizimidagi ta’lim kreditlari qoldig‘i 4 331 ta kredit bo‘yicha 16 milliard 594 million so‘mni tashkil etgan.
Joriy yilning avgust-sentyabr oylarida viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 6 267 nafar talabaga 73 milliard 572 million so‘m ta’lim kreditlari ajratildi. Ularning 60 milliard 501 million so‘mi yoki 82 foizi xotin-qizlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Bu 2020/2021 o‘quv yilidagidan summa bo‘yicha qariyb 16 karra, talabalar soniga nisbatan esa 14 baravar ko‘p ekanidan dalolat.
Ahamiyatlisi, “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida xotin-qizlar ta’lim kreditining foiz to‘lovlarini Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladigan bo‘ldi.
Oktyabr oyida ham tijorat banklari ta’lim kreditlari berishda davom etayotganligini inobatga olsak, bu ijobiy tafovutning yanada ortishi kutiladi. Misol uchun, joriy yilda ta’lim kredit ajratishda viloyatda yetakchilik qilib kelayotgan Xalq banki tomonidan oktyabr oyining birinchi yarmida 2 067 nafar talabaga 21 milliard so‘mdan ortiq ta’lim krediti ajratilgan.
Endilikda ta’lim kreditlari ajratishda banklarni iqtisodiy manfaat harakatlantirayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, dastlab Xalq banki tomonidan barcha filiallarda 9-10, 16-17 sentyabr shanba va yakshanba dam olish kunlari, keyin esa “Ipotekabank” tomonidan ham barcha filiallarda 16 sentyabrdan shanba va yakshanba dam olish kunlarida ta’lim kreditini rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yilganligi bir tomondan talabalar va ularning oila a’zolariga qo‘shimcha qulayliklar yaratdi. Shu bilan birga bu kredit portfelining oshishi jihatidan ushbu banklarga ham birdek manfaatli bo‘ldi.
Bu ma’lumotlar Samarqand davlat universiteti Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish instituti bank ishi va auditi yo‘nalishi birinchi bosqich talabalari hamkorligida “Bank ishiga kirish” fanidan amaliyot soatlarida to‘plandi va ushbu maqola tayyorlandi.