Samarqandda tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining Xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tdi

Samarqand davlat tibbiyot universiteti ikki kun davomida “Samarqand — 2020” tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalarining IV Xalqaro olimpiadasiga mezbonlik qildi.

Unda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 10 ga yaqin davlatning 125 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 5 ming nafarga yaqin talaba oflayn hamda onlayn formatda ishtirok etdi.

Ilm-fan bellashuvi doirasida bir guruh xorijlik professor-o‘qituvchilarga SamDTUning “Faxriy professori” unvoni hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashakkurnomalari topshirildi.

Shuningdek, bu yerda chet ellik va respublikamizning yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari va boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan 30 ga yaqin mahorat darslari tashkil etildi.

Ishtirokchilar ikki bosqichda — test sinovlari va amaliy ko‘nikmalarini namoyish etish orqali bellashadi. Shu bilan birga, ularning bilim va mahorati 7-avlod simuliatsion robotlari yordamida sinovdan o‘tkazildi.

Qolaversa, ilk bor O‘zbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari hamda xorijiy tibbiyot kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida xalqaro olimpiada tashkil qilindi.

Yakunda g‘olib va sovrindorlar, faol qatnashchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.