Ta’lim krediti: U kimlarga, qay tartibda beriladi va qancha vaqtda qaytariladi?

Ta’lim tizimida tijorat banklari tomonidan talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikadagi barcha oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida barcha talabalarga ta’lim kreditlari ajratib kelinmoqda.

Bunda, kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki boshqa uchinchi shaxslar ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin.

Ta’lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Foizlarni hisoblash va to‘lash ta’lim tashkilotiga mablag‘lar o‘tkazilgan sanadan boshlab, asosiy qarzni qaytarish esa kredit oluvchi tomonidan ta’lim tashkilotida ta’limning ushbu turi bo‘yicha o‘qishning rasmiy belgilangan muddati tugallangandan so‘ng yettinchi oydan boshlab amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2022 yil 18 iyuldagi “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan to‘lov kontraktda o‘qiyotgan xotin-qizlarga foizsiz ta’lim kreditlari ajratilmoqda.

Bunda ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkalarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, ularni tijorat banklariga to‘lash orqali amalga oshiriladi. Ya’ni, kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni jamg‘arma to‘lab berishi natijasida ta’lim krediti olgan xotin-qizlar kredit uchun foiz to‘lovlarini to‘lamaydi.

Bundan tashqari, ta’lim krediti olish istagi bo‘lgan talabalar uchun “talim-krediti.uz” platformasi ishga tushirilgan. Mazkur platforma orqali ta’lim kreditini olish jarayoni yanada osonlashdi. Endilikda kredit olmoqchi bo‘lgan talabalar bankka bormasdan, platforma orqali onlayn ariza qoldirishlari mumkin.

2022 yil mobaynida tijorat banklari tomonidan 14 229 nafar talabaga jami 146,3 mlrd. so‘m, shundan 13 733 nafar talabaga 142  mlrd.so‘m ta’lim kreditlari 2022-2023 o‘quv yillari uchun ajratildi.

Jami ajratilgan ta’lim kreditlarining 77 foizi yoki 109,5 mlrd. so‘mi 10 980 nafar xotin-qizlarga ajratilgan.

Tijorat banklari tomonidan 2022 yilda ajratilgan ta’lim kreditlarini kengroq tahlil qiladigan bo‘lsak, 2022 yil davomida ajratilgan ta’lim kreditlarining 96 foizi ya’ni 143,5 mlrd. so‘mi Oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi 13 694 nafar talabalarga, 4 foizi ya’ni 2,8 mlrd. so‘mi o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limida tahsil oluvchi 535 nafar talabalarga ajratilgan.

Banklar kesimida eng ko‘p ta’lim kreditlari ajratgan banklar:

- Xalq banki 5 815 nafar talabaga 61,5 mlrd.so‘m;

- Ipoteka-bank 3 660 nafar talabaga 39,3 mlrd.so‘m;

- Agrobank 1 909 nafar talabaga 17,8 mlrd.so‘m.

Hududlar kesimida eng ko‘p ta’lim krediti olgan talabalar:

- Samarqand shahrida – 1 750 nafar talaba 19,4 mlrd. so‘m;

- Urgut tumanida – 1 358 nafar talaba 14,3 mlrd. so‘m;

- Payariq tumanida – 1 256 nafar talaba 12,9 mlrd. so‘m;

- Past Darg‘om tumanida – 1 253 nafar talaba 11,8 mlrd. so‘m.

 Suyun Safaraliyev,

Markaziy bankning Samarqand viloyati

bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.