Talaba krediti olish bo‘yicha yengillik haqida eslatilmoqda

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, qarz oluvchi va uning oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, yer yoki xotini) yoki vasiylari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan taqdirda yoki ularning daromadi kredit bo‘yicha to‘lovlarini so‘ndirish uchun yetarli darajada bo‘lmasa, kredit uchinchi shaxslarning birgalikda qarz oluvchi sifatida ishtiroki asosida ajratilishi mumkin.

Ya’ni, talabaning yaqinlari birgalikda qarz oluvchi bo‘la olmasa, yaqin qarindosh bo‘lmagan boshqa shaxslar birgalikda qarz oluvchi bo‘lishi mumkin.

Respublika Prezidentining 2021 yil 18 avgustdagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlarini ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilingan edi.

Mazkur hujjatga asosan oliy ta’lim tashkilotlari va qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun ta’lim kreditini ajratish ko‘zda tutilgan. Mazkur kredit bilan bog‘liq masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlardan kelib chiqib, Markaziy bank va Moliya vazirligi tomonidan joriy yilning 25 oktyabrida qo‘shma ko‘rsatma xat rasmiylashtirilib, Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi bilan shartnoma tuzgan tijorat banklariga ijro uchun yo‘llangan.

Xatda yuqoridagi qulaylik: qarz olishda uchinchi shaxslar ishtirokini kiritish ko‘zda tutilgan.

Viloyat Markaziy banki boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Suvonqulovga ko‘ra, Markaziy bankning hududiy bosh boshqarmalari zimmasiga tijorat banklarining hududlardagi filiallarida ta’lim krediti bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqishda ushbu ko‘rsatma-xatning inobatga olinishini nazorat qilish yuklatilgan.

“Aziz talabalar, Sizga ta’lim krediti ajratilishida oila a’zolaringizdan boshqa uchinchi shaxslarni birgalikda qarz oluvchi sifatida taqdim etgan murojaatlaringiz tijorat banklari filiallarida rad etilgan holatda Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin” deyiladi xabarda.