“Behbudiy” dramasi: Ma’rifatparvarlik ruhiga bag‘ishlangan asar xalqaro mukofotga loyiq ko‘rildi

"TURKSOY" xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev yozuvchi, shoir va dramaturg Farmon Toshevni tashkilotning maxsus diplomi bilan taqdirladi.

Bu e’tirof muallifning “Behbudiy” nomli dramasi uchun berildi. Asar buyuk ma’rifatparvar, jadidchilik harakatining yirik vakillaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan yaratilgan. Dramada nafaqat yurtimizning, balki butun turkiy dunyo madaniyati va tarixining umumiy ildizlari, ma’rifat va erkinlik g‘oyalari yorqin ifoda etilgan.

Shuningdek, yaqinda Samarqand viloyati musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi ushbu spektaklni Turkiyaning bir nechta shaharlarida namoyish etib, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Bu tadbir nafaqat teatr san’atining xalqaro maydondagi yutug‘i, balki turkiy xalqlarning madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.