19 yoshida oyiga 1000 dollar topayotgan talaba

Qahramonimiz Doston Ishanov Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan. 19 yosh bo‘lishiga qaramay IT va robototexnika sohasida bir nechta startap loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib, viloyat, respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.

- Yoshligimdan robototexnika va elektron o‘yinchoqlar yasashga qiziqardim, - deydi Doston. – Otam iste’dodimni ko‘rib, 2016 yilda robototexnika to‘garagiga olib keldi. U yerda IT va robototexnika mutaxassisi Asad Donyorovga shogird tushib, u kishidan turli yo‘nalish va sohalarda robotlar va elektron o‘yichoqlar yasashni o‘rgandim va turli tanlovlar g‘olibi bo‘ldim. 2020 yil Kattaqo‘rg‘on shahridagi IT markazda robototexnika yo‘nalishida dars berishni boshladim. Shundan so‘ng, o‘tgan yil yanvar oyida robototexnika bo‘yicha tajribamni oshirish maqsadida Samarqand IT-Park filialiga tahsil oldim va uch oy o‘tgach, ilk startap loyihamni ishga tushirdim.

Ko‘p o‘tmay yosh mutaxassis robototexnika yo‘nalishida “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovida o‘z loyihasi bilan ishtirok etib, top-10 talikka kirdi. Shuningdek, Doston Smart World Accyess Technology loyihasini ishga tushirdi va uning rahbariga aylandi. Hozirda Doston 14 kishidan iborat jamoa bilan axborot texnologiyalari, robototexnika, mexatronika, sxemotexnika, dasturlash va 3D modellashtirish yo‘nalishlarida “Alko tester”, “Yuqori texnologiyalar muzeyi”, “Utility SS99 robot”, “Aqlli hassa”, “Arm Robot”, “Gaz detektori”, “Gid robot”, “Robot lab”, “Suvosti roboti”, “I.B.K uz”, “Women Union kabi yangi startap loyihalarni yaratib, ular ustida ishlamoqda.

“Alko tester” va “Imkoniyat Baxt Kelajak uz” ana shunday startap loyihalar sirasiga kiradi. Doston bugungi kunda shu ikki loyihani ommaga taqdim qilmoqchi.

- “Alko tester” loyihasining umumiy qiymati 500 million so‘m, - deydi Doston Ishanov. – Qurilma insonning spirtli ichimlik iste’mol qilgan yoki qilmaganini vaucherda aniq ko‘rsatadi. Bu loyiha ko‘proq yo‘l patrul xizmati xodimlariga juda asqotadi. “Imkoniyat Baxt Kelajak uz” loyihasining qiymati esa 370 million so‘m bo‘lib, imkoniyati cheklangan yoshlarga mo‘ljallangan. Bu platforma orqali fan, ta’lim yo‘nalishidagi topshiriqlar, dasturlash mashg‘ulotlari virtual laboratoriyada internet orqali bajariladi.

E’tiborlisi, Doston Ishanov Xitoyda WUXI universitetining ikkinchi bosqichida tahsil olish bilan birga, IT-Park Samarqand filialida robototexnika bo‘yicha 50 nafardan ortiq yoshlarga va tengdoshlariga dars bermoqda. U ham murabbiy sifatida, ham loyihalari ustida astoydil mehnat qilib, oyiga 1000 dollar pul topadi va yangi loyihalar yaratadi.

- IT sohasida yangi dasturlar va robotexnikaning yaratilmagan tiplarini ixtiro qilishni maqsad qilganmiz, - deydi Doston. – Bilganlarimni tengdoshlarimga, yoshlarga o‘rgatyapman, ustozlardan maslahat olib, loyihalar ustida birgalikda ishlayapmiz. O‘ylaymanki, biz yaratayotgan bu loyihalar xorij davlatlarida yurtimz brendi bilan taniladi.

Yosh mutaxassis faoliyati davomida robototexnika yo‘nalishida texnik ijodkor yoshlar o‘rtasida “Carnaval of Robotic”, “Spotlight Digital Challenge” xalqaro tanlovlar ishtirokchisi va g‘olibi, eng yaxshi g‘oya muallifi, “The best”, Robot-2021” respublika ko‘rik-tanlovlari sovrindori hamda nufuzli musobaqalar ishtirokchisi bo‘lgan. Doston joriy yil robototexnika yo‘nalishida Singapore AUV Challenge hamda Turkiyada bo‘lib o‘tadigan Technofest-2022 xalqaro tanlovida ishtirok etadi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.