"Dinamo" fransiyalik himoyachi bilan shartnoma imzoladi
Jamoa bir nechta o‘yinchilar bilan xayrlashib, mahalliy futbolchilar bilan shartnomani uzaytirdi.
«Dinamo» jamoasi 2026 yilgi mavsum oldidan seleksiya ishlarini davom ettirmoqda. Klub 2026 yilgi yangi mavsum oldidan hujum va himoya chizig‘ini kuchaytirishni rejalashtirgan.
Vadim Abramov boshchiligidagi murabbiylar shtabi taklifiga ko‘ra, «Dinamo» PFK fransiyalik 25 yoshli markaziy himoyachi Jesa Mabape Ayessa bilan bir yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Fransiyalik legioner klub safiga erkin agent sifatida qo‘shiladi.
Kelib chiqishi kongolik Jesa Ayessa Fransiya fuqarosi sanalib, o‘tgan yillar davomida «Sosho», «Gyonon», «Romorantin», «Le Pyui», 2025 yilda esa Fransiya 2-divizion vakili "Ayachcho" sharafini himoya qilgan. U "Ayachcho" safida 2024/25 yilgi mavsumda 25 o‘yinda maydonga tushgan.
"Dinamo" klubi axborot xizmati xabariga ko‘ra, shartnomasi tugagan bir nechta futbolchilar bilan xayrlashilgan. Jumladan, serbiyalik 37 yoshli yarimhimoyachi Marko Stanoyevich, braziliyalik Fransisko Ferreyra, ukrainalik himoyachi Oleksandr Kucherenko jamoani tark etgan.
Shuningdek, "Dinamo" tarkibida harakat qilgan hujumchi Anvarjon Hojimirzayev, yetakchi yarimhimoyachilar Sanjar Qodirqulov va Jaloliddin Jumaboyev, 3 yildan buyon jamoa sharafini himoya qilib kelayotgan darvozabon Ravshanbek Yagudin hamda 21 yoshli yana bir darvozabon Edem Nemanov bilan 2026 yil yakuniga qadar shartnoma uzaytirilgan.