Futbol: O‘zbekiston U-23 Osiyo Kubogida yangi tarkib bilan ishtirok etadi

Ravshan Haydarov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston U-23 terma jamoasi 6–24 yanvar kunlari Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida ishtirok etadi.

An’anaga ko‘ra, mazkur turnir nafaqat nufuzli kubok uchun kurash, balki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi sifatida ham qaraladi. Shu bois har bir uchrashuv shiddatli va murosasiz o‘tishi kutilmoqda.

Ushbu musobaqaning jamoamiz uchun o‘ziga xos jihati shundaki, Saudiya Arabistoniga asosan U-21 yosh toifasidagi futbolchilardan iborat tarkib yo‘l olgan. Bu esa yangi olimpiya jamoasini shakllantirish, shuningdek, milliy futbolning yaqin zaxirasini sinovdan o‘tkazish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

O‘zbekiston terma jamoasi “B” guruhida bahs olib boradi. Ilk uchrashuv ertaga, 7 yanvar kuni Livan terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. Keyingi o‘yin 10 yanvar kuni Eronga qarshi o‘tkaziladi. Guruh bosqichidagi so‘nggi bellashuv esa 13 yanvar kuni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi bo‘ladi.

Aynan ushbu uchrashuvlar natijalariga ko‘ra, pley-off bosqichida medallar uchun kurashni davom ettiradigan jamoalar aniqlanadi.

Saudiya Arabistonidagi Osiyo Kubogi O‘zbekistonning yosh futbolchilari uchun xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish, qimmatli tajriba orttirish va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish yo‘lida muhim sinov bo‘ladi.