«Dinamo» jamoasi Belarusda yig‘in o‘tkazmoqda

Mavsumning ikkinchi davra bahslari oldidan jamoaga ikki hujumchi qo‘shildi.

Vadim Abramov boshchiligidagi «Dinamo» jamoasi birinchi davra bahslarini  muvaffaqiyatli o‘tkazdi. 15 o‘yinda 8 g‘alaba, 5 durang, 2 mag‘lubiyat qayd etdi va  birinchi davrani 3-o‘rinda yakunladi.

Ayni paytda jamoa 14 iyuldan mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlik ko‘rish va tarkibni kuchaytirish maqsadida Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Klub axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 12 kunlik xorij yig‘ini doirasida Samarqand jamoasi uchta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgan bo‘lib, 20 iyul kuni Belarus chempionatida 2-o‘rinni egallab turgan «Slaviya»ga qarshi maydonga tushdi va dastlabki o‘yinda 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Endi «Dinamo» 23 iyulda «Molodechno» klubi bilan, 25 iyul kuni esa «Vitebsk» klubiga qarshi o‘rtoqlik bahsini o‘tkazib, 26 iyulda yurtimizga qaytadi.

Yig‘in davomida jamoani kuchaytirish maqsadida yangi futbolchilarni jalb qilish ham rejalashtirilgan bo‘lib, jamoa yarim himoyachisi Vohidjon Oqbo‘tayev va tojikistonlik himoyachi Manuchehr Safarov bilan o‘zaro kelishuvga ko‘ra xayrlashdi.

Shu bilan birga, mavsumning birinchi davrasini «Paxtakor» safida o‘tkazgan 24 yoshli hujumchi Ulug‘bek Hoshimov «Dinamo» klubi bilan 1,5 yillik shartnoma imzoladi. O‘zbekiston olimpiya jamoasida to‘p surgan Ulug‘bek Hoshimov o‘tgan yillar davomida «Neftchi», «Surxon», «Paxtakor» klublari sharafini himoya qilgan. U hozirda «Dinamo»ning Belarusdagi yig‘inida ishtirok etmoqda.

Mavsumning 1-davrasini «Surxon» safida o‘tkazgan Jahongir Abdusalomov ham «Dinamo» jamaosi a’zosiga aylandi. 26 yoshli hujumchi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolandi. Abdusalomov faoliyati davomida «Surxon»dan tashqari Superligada «Bunyodkor» va «Mash’al» sharafini ham himoya qilgan. Jahongir Abdusalomov «Dinamo»ning Belarusdagi yig‘iniga borib qo‘shilgan.

Ma’lumot uchun: «Dinamo» jamoasi Superliga 2-davrasining dastlabki o‘yinida 2 avgust kuni Samarqandda «Navbahor»ni qabul qiladi.