Dabdabali to‘ylar va beadab xatti-harakatlar — Samarqand nomiga dog‘

Viloyat Matbuot uyida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu mavzuda fikrlar bildirildi.

Dastlab joriy yilning o‘tgan davri mobaynida amalga oshirilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, ularning samaradorligini oshirishga qaratilgan istiqbolli rejalar xususida so‘z yuritildi.

– Samarqandda o‘tayotgan dabdabali to‘ylar va ularda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan nopisand qiliqlar biz uchun og‘riqli nuqta, – dedi X.Ko‘bayev. – Bunday holatlarga qarshi faqat mahalla faollari yoki ma’naviyat targ‘ibotchilarining harakati bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu bois biz tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda turli tadbirlar o‘tkazyapmiz.

Masalan, yaqinda bir to‘ydan keyin avtomashinalar ishtirokida sodir etilgan holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu voqeaga munosabat bildirish maqsadida viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda maxsus tadbir tashkil etdik. Natijada ushbu avtomashina haydovchisiga nisbatan tegishli jarima qo‘llanildi.

Biroq shunchaki jarimalar bilan muammoni hal etish qiyin. Agar yo‘lda boshqalarning xavfsizligiga tahdid soladigan harakatlarni amalga oshirgan haydovchilarga nisbatan jarimalar keskin oshirilsa, hatto ularning qimmatbaho avtomashinalari musodara qilinsa, shunday holatlar ancha qisqarar edi.

Matbuot anjumanida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, korxona va ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar, OAV orqali amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari haqida ham ma’lumot berildi.

To‘lqin Siddiqov.