O‘zbek tarixchilari ustozining qorong‘u kunlari va yorug‘ o‘ylari

Po‘lat Soliyev hayoti va fojiali o‘limi, uning ulkan tarixiy-badiiy merosi, arxivi va boy kutubxonasining taqdiri sirli jumboq bo‘lib kelmoqda.

 Bundan 143 yil muqaddam O‘rta Osiyo xalqlari o‘rta asr va yangi zamon tarixi o‘zbek ilmiy maktabining asoschisi, tarix ilmi bo‘yicha birinchi o‘zbek professori Po‘lat Majidovich Soliyev tavallud topganini ko‘pchiligimiz bilmaymiz, chunki uning nomi va millat oldidagi xizmatlari bugungi kunda, ming afsuski, mutlaqo unutilgan.

Binobarin, olimning Eski o‘zbek yozuvi, arab va fors tillarida bitilgan qadimiy qo‘lyozmalar asosida yaratilgan tarixiy asarlari 20-30 yillarda chop etilganiga qaramay, hozirda sobiq Ittifoqning bir necha yirik kutubxonalaridagi maxsus bo‘limlardagina ayrim nusxalari saqlanib qolgan, xolos. (Barcha kitoblari mafkuraviy zararli degan mash’um tamg‘a urilib, yo‘q qilib yuborilgan) «Angliya zulmi ostidagi Hindiston» (1920, 1926), «Buxoro mang‘itlar sulolasi davrida» (1920, 1926), «O‘rta Osiyo tarixi. 1-qism» (1926), «O‘zbekiston va Tojikiston. Iqtisodiy va jug‘rofiy ocherk» (1926), «O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri» (1926), «O‘rta Osiyoda islomning tarqalishi» (1928) nomli asarlari, shu jumladan «XV-XIX asr birinchi yarmi O‘zbekiston tarixi» uning asosiy ilmiy asarlaridir.

Zahmatkash tarixchi olim ilmiy tadqiqotlari uchun o‘z paytida Istambul Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.

Mustaqil Hindiston davlatining asoschilaridan biri Javoharla’l Neru Toshkentga tashrifidan birida jahonga mashhur olim nomini tilga oladi va kitoblarida uning tadqiqotlaridan foydalanganini aytib, o‘zi nega ko‘rinmayotganligini so‘raydi. Betob bo‘lib olamdan o‘tdi, deb uni xotirjam qilishga harakat qilishadi. Aslida esa...

Po‘lat Soliyev hayoti va fojiali o‘limi, uning ulkan tarixiy-badiiy merosi, arxivi va O‘zbekistondan tashqarida ham mashhur bo‘lgan kutubxonasining taqdiri sirli jumboq bo‘lib kelmoqda.

Asosiy mavzuga o‘tishdan avval olimning tarjimai holi haqida to‘xtalsak. 1882 yili Astraxan guberniyasining Zatsarevskiy bo‘lisidagi Bashmakovka qishlog‘ida o‘ziga to‘q dehqon oilasida tug‘ilgan. Po‘lat 3 yoshida onasidan ayriladi, otasi taxminan 1919 yilda vafot etgan. Ma’lumki, Astraxan Turkiston va Rusiya o‘rtasidagi savdo yo‘li ustida joylashgan edi. Otasining ajdodlari Buxoro va Toshkent yaqinidan bo‘lib, u yerga ko‘chib borib qolishgan. Po‘lat tarixiy vataniga qaytishga qaror qiladi. Qozondagi Madrasai Muhammadiya va Ufadagi Madrasai G‘aliyani bitirib, oliy musulmon ma’lumotini olgach, bu fikri yanada qatiylashadi. U yurtiga qaytib, qishloqlarda, Toshkent va Qo‘qonda dastlab maktablarda dars beradi. O‘zbekistonning sovet davri tarixidagi yirik davlat arbobi, XKS raisi Sulton Segizboyev unda ta’lim olganini 1937 yilgi tarjimai holida yozadi. Sharqshunos olim Laziz Azizoda, teatrimiz poydevorini bunyod etgan Mannon Uyg‘ur ham uning ta’limini olishgan.

1914 yili Po‘lat Soliyev turkiy xalqlarning atoqli olimi va yo‘lboshchisi Zakiy Validiy To‘g‘on bilan tanishadi. Ular 1917 yilda Turkiston musulmonlari qurultoyida ikkinchi marta Toshkentda uchrashishadi. Bu tanishuvlar keyinchalik Po‘lat Soliyev fojiali taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri bo‘ldi. Chunki To‘g‘on muhojirlikka Turkiyaga majburan jo‘nab ketgach, unga Sovet hukumati yopishtirmagan yorliq qolmagan: panturkizm, panislomizm, millatchi va boshqalar. Ayniqsa, u 1930 yilda P.Soliyevga yuborgan xat (mashhur «Turkiston tarixi» asarini Samarqandda nashr etish imkoni bor-yo‘qligini so‘ragan) bahona bo‘ldi. Xat jumhuriyat Narkomprosi tomonidan ushlanib, P.Soliyev uning nusxasini olgan.

Professor Soliyevning qizi - Farida opa uchrashuvlarimizdan birida hikoya qilishicha, u 1917 yilgi Fevral inqilobini katta umid bilan kutib oladi, tez orada Sankt-Peterburgda, toshkentlik eski tanishi, Rusiya Vaqtli hukumati raisi A.F.Kerenskiy bilan uchrashib, ko‘tarinki kayfiyatda qaytadi. Kerenskiy Turkiston mahalliy aholisi xalq ta’limining keng miqyosli dasturini hayotga tatbiq etishga har jihatdan yordam berishni va’da qiladi.

Po‘lat Soliyev Qo‘qonda yangi mustaqil davlat tuzilishi - Turkiston Muxtoriyati shakllanishida faollik ko‘rsatadi. Turkiston Vaqtli Kengashi va Turkiston Xalq (milliy) majlisi (bulardan hukumat tuzilishi ko‘zda tutilgan) a’zolaridan biri bo‘ldi, ayni paytda mashhur «El bayrog‘i» ro‘znomasining bosh muharriri edi. Turkiston muxtoriyati tor-mor etilgandan so‘ng u Maorif xalq komissarligi tizimida ishlay boshladi. O‘sha yillar ilmiy ekspeditsiyalarga chiqib, aholi etnografiyasi, iqtisodiyoti, ijtimoiy turmushini o‘rganadi. 1920 yili «Angliya zulmi ostidagi Hindiston» asarini e’lon qilib, O‘rta Osiyoda ilk bor milliy-ozodlik kurashi haqidagi masalani ko‘taradi.

Ilg‘or ziyolilar - Abdurauf Fitrat, Nazir To‘raqulov, Sadriddin Ayniy, Abdulla Begi (Mustafayev), Ashurali Zohiriy, Rozi Olim Yunusov, Abdulla Qodiriy va boshqalar uning hammaslaklari edi. 1922 yildan Buxoroda Xalq maorifi nozirligining ilmiy kengash raisi, O‘qituvchilar oliygohida muallim va «Maorif» oynomasi muharriri bo‘lib ishlaydi. Amir arxivi va boy kutubxonasida ishlash imkoni tug‘iladi, Buxoroning boy tarixiga oid asarlarini yozadi. 1924 yil avgustida nozirlik Po‘lat Soliyevni Moskvaga, Buxoro maorif uyiga o‘qituvchi sifatida yuboradi, ayni paytda Qizil professura institutida erkin tinglovchi bo‘ladi va Sverdlov nomli Kommunistik universitetda leksiyalar tinglaydi. O‘sha paytlarda chekistlar uni ko‘zdan qochirmagan, xususan, «Kulturnik» va «Bivshiy» laqabli xufiyalar har bir qadamini kuzatgan.

Moskvadan qaytib kelib, u 1927 yil yanvarda ochilgan Samarqand oliy pedagogika oliygohi o‘qituvchisi, sharq xalqlari kabineti mudiri bo‘lib ishlaydi. 1930 yili oliygoh qayta tashkil etilib, O‘zbek davlat pedakademiyasiga aylantiriladi, fidoyi olim professor etib tayinlanadi. 1933 yili u O‘zbekistan Davlat dorilfununiga aylantiriladi, 1935 yili birinchi marta (!) O‘rta Osiyo xalqlari tarixi kafedrasi tashkil etilib, uning ilk mudiri bo‘lish P.Soliyevga nasib etdi.

1936 yili olim oilasi bilan Toshkentga butunlay qaytib keladi. O‘zSSR XKS qoshidagi Fan Qo‘mitasi O‘zbekiston tarixi seksiyasiga boshchilik qiladi. U 1937 yil kuzga qadar nafaqat Toshkent, balki Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va boshqa shaharlardagi oliygohlarda ham leksiya o‘qiydi.

1937 yil 13 oktyabrida O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi davlat xavfsizligi boshqarmasi xodimiga Po‘lat Soliyevni tintuv va qamoqqa olish topshirildi, kutubxona va shaxsiy arxivli xona muhrlandi.

Uni qamoqqa olishga rasmiy (formal) sabablar bormidi? Men ega bo‘lgan faktlar bu sabablar mavjudligini tasdiqlamoqda. U ishongan va hatto dunyoqarashi jihatidan yaqin hisoblagan, aslida organ xodimlari bo‘lgan ayrim kishilar orasida ehtiyotsizlik bilan aytgan so‘zlari jazo organlariga ma’lum bo‘lib turgan.

1937 yilning iyunida boshi uzra qora bulutlar soya tashlay boshlaganini sezsa ham, me’morchilik va qadimgi qo‘lyozmalar bilimdoni, sobiq yosh buxorolik keksa otaxon, NKVD tomonidan «aksilinqilobiy faoliyat» uchun qamalgan Muso Saidjonovning bebaho kutubxonasini saqlab qolish bilan dadil shug‘ullana boshladi. Uning oilasi katta, moddiy yordam berib, kutubxonani sotib olish kerak, deb rahbarlarning odamgarchiligi, insoniy his-tuyg‘ulariga ta’sir etmoqchi bo‘ldi. O‘zDU rektori Fayzullayev, tarix kulliyoti dekani kutubxonani 6 ming so‘mga sotib olishga uning egasi «aksilinqilobchi» bo‘lgani uchun mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirishdi, Po‘lat Soliyev esa o‘z taklifi bilan «xalq dushmani» oilasini ta’minlashga harakat qilyapti deyishdi. Dorilfunun domlalarining dahshatli kunlardagi ahvolini tushunish qiyin emas. Qolaversa, hamma ham Po‘lat Soliyev bo‘lolmasdi, nafaqat o‘zini, oilasini ham xavf-xatarga qo‘yishga hamma ham tayyor emas edi.

Darvoqe, 1954 yilda Javoharla’l Neru «Hindiston Angliya zulmi ostida» kitobi muallifi Po‘lat Soliyevning taqdiri bilan qiziqib, uning qabriga gulchambar qo‘yishga xohish bildiradi. O‘shanda SSSR rahbarlari «U yo‘lda vafot etgan», deb javob berishgan. Aslida Po‘lat Soliyev 1937 yilning oktyabr oyida qatag‘on qilinib, otib tashlangan. Dafn etilgan joyi noma’lum.

O‘zbek tarixchilarining ustozi Po‘lat Soliyevning xayollari yorug‘ edi. U katta orzu-umidlar, ijodiy zavq bilan yashardi. Biroq o‘tgan asrning 30-yillari o‘rtalarida olimning boshidan qora kunlar kecha boshlaydi. Po‘lat Soliyev bilan O‘rta Osiyo kommunistlar Dorilfununi «Umumiy tarix» kafedrasining raisi va ayni vaqtda O‘rta Osiyo marksizm-leninizm ilmiy-tadqiqot instituti O‘zbekiston va O‘rta Osiyo xalqlari tarixi bo‘limi (sektori) mudiri Abram Gurevich o‘rtasida yuzaga kelgan masala talashishlar xuddi ana shu 30-yillarning o‘rtalariga borib taqaladi. Ilgari Moskvada «Pravda» ro‘znomasida ishlagan Abram Gurevich «Kominternning yuzaga kelishi va rivojlanishi» asarida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun partiyaviy jazo olib, Toshkentga badarg‘a qilinadi. Bunda uning o‘ziga dastlab, u yevreylarning Sotsial Demokratik Ishchi partiyasi («Poaley Sion»)ga a’zo bo‘lgani va yo‘l qo‘yilgan xatolari ham tasodif emasligini eslatib qo‘yishadi. Abram Gurevich Toshkentga kelganidan keyin O‘rta Osiyo feodalizmi tarixini o‘rganishga kirishib ketadi. Uni, ayniqsa, Chig‘atoy davri ko‘proq qiziqtiradi va u bu mavzuda hatto himoya ishi ham boshlab yuboradi.

  1934 yilda Abram Gurevich O‘rta Osiyoning tarixiy frontidagi holat haqida katta dasturiy maqola e’lon qiladi. «O‘rta Osiyoda inqilob va madaniyat» (To‘plam 1. Toshkent, 1934 y.) to‘plamida chop etilgan mazkur maqola VKP(b) MK va SSSR Xalq Komissarlari Kengashining «SSSR maktablarida grajdanlar tarixini o‘qitish haqida»gi qarorlari va unga doir ko‘rsatmalarni o‘zida aks ettirgan bo‘lib, u butunlay tanqid ruhi bilan sug‘orilgandi. Abram Gurevich o‘z tanqidi nayzasining zaharli uchini, asosan, Bartold maktabiga, to‘g‘risi uning asoschilariga, «o‘lka tarixini maxsus o‘rganuvchilar»ga qaratgandi. Bunda Abram Gurevich o‘zbek tilida ijod qiluvchi olimlar, ayniqsa, Po‘lat Soliyev, Gaziz Ubaydullin, Fitrat, (shuningdek, kommunistlar, masalan, A.Hoshimov) va boshqalar Bartoldning ta’siriga ancha-muncha berilib ketishganini «kuyinib» ta’kidlaydi. Ularni ijtimoiy-iqtisodiy bosqich (formatsiya)lar haqidagi ta’limotni kamsitishda, sinfiy tabaqalarga bo‘linish va sinfiy kurashni bo‘yab, soxtalashtirib ko‘rsatish hamda yirik jahongirlarning tarixiy jarayonlarga ta’sirini qayta baholashga urinishlarda ayblaydi.

  Abram Gurevich Po‘lat Soliyevni O‘rta Osiyodagi o‘rta asr feodal jamiyatini juda ideallashtirib yuborgan, o‘sha davrlarda davlatchilik, iqtisod, xalq xo‘jaligi, fan va madaniyat juda rivojlangandi, degan noto‘g‘ri fikrlarni ilgari surgan, deya qattiq tanqid qiladi. A.Gurevich Amir Temur asos solgan davlatning Movarounnahr taraqqiyotiga ta’sirini inkor etib, o‘rta asrlarda xalq va davlat feodal boylar, din ahllari tomonidan boshqarilganini, jaholat, qashshoqlik, bilimsizlik hukm surganini aytib, dodu faryod soladi. Afsus-nadomatlar chekib, antimarksistik asarlarga tegishli baho berilmayotgani, G.Ubaydullin, Po‘lat Soliyevning kitoblari esa O‘rta Osiyo tarixini o‘rganish bo‘yicha yagona bilim manbai ekani, ulardan talabalar, muallimlar va joylardagi partiya faollari foydalanayotgani haqida so‘zlaydi.

Ammo Po‘lat Soliyev bunday masala talashish olimlarga xos fazilat emasligini, uning noilmiy, tuhmat va bo‘htonligini, to‘g‘rirog‘i, siyosiy xususiyatga ega bo‘lib, juda xavfli ekanini sezgandi.

Abram Gurevichning professor Po‘lat Soliyevga dushmanlarcha qilgan hujumi unga qarshi 1924 yillardayoq boshlangan kurashning mantiqiy davomi edi. O‘sha paytlardayoq olimning «kirdikorlarini fosh qilib tashlovchi maqolalar» ketma-ket e’lon qilinib turilardi. Masalan, SSSR davlat madhiyasining mualliflaridan biri bo‘lmish El-Registon o‘zi muxbir bo‘lib ishlayotgan «Pravda Vostoka» gazetasining sahifalarida mazkur davr uchun xos bo‘lgan «Qo‘qon xoni zanjiriga bog‘langan itning vovullashi» sarlavha ostida katta maqola e’lon qiladi. El-Registon mazkur maqolada Po‘lat Soliyev, Xodi Fayzi va Abdulla Mustoqayevni Qo‘qon muxtoriyatining mafkurachilariga olib borib taqab, ularni hali fosh etilmagan dushmanlar (aksilinqilobchilar) deb hisoblaydi.

«Chayon» oynomasining mas’ul muharriri Ibrohim Tohiriy, «El-Bayroq» ro‘znomasining mas’ul muharriri «Po‘lat Soliyev janoblariga, - deb yozadi El-Registon, - biz sizlarga boylar, mullalar, eshonlar hamda panturkist ziyolilar maqolalarini e’lon qilganingizni va ular qalamidan to‘kilgan ayrim satrlarni eslatib o‘tmoqchimiz:

«...Turkistonning boy hamda kambag‘allari din ahillari ila hamkorlik qilishgani holda bizning barcha musulmon xalqimiz qo‘lni-qo‘lga berib, bir jon, bir tan bo‘lib muxtoriyatni ma’qullashmoqdalar. Shuning uchun ham milliy palatada ishlar ancha yurishib ketdi...»

Eslaysizmi, janob Po‘lat Soliyev, sizning ro‘znomangizni quyidagi shiorlar bezab turardi: «...Turkiston xom-ashyosi -Turkistonda qolishi kerak!», «...Paxta o‘rniga endi don ekamiz!»

«Ey, siz «O‘zbekiston» boshqarmasining raisi, bandai mo‘’min Fayziy, eslaysizmi, o‘z kuyovingiz Po‘lat Soliyev bilan birgalikda Qo‘qon milliy hukumati Oliy kengashida qanday mahorat ila majlisbozlik qilgandingiz? Atrofingizga Ibrohim Tohiriy, Ali Ashur-Zohiriy Ahmadjonov, Mustoqayev, Elbek va boshqa hamfikru maslakdoshlaringizni zahmat chekib to‘plagandingiz, ular sizning yoningizda savlat to‘kib o‘tirishardi...

Janoblar, bularni eslash sizlar uchun noqulay-ku! Shunday emasmi?»

Po‘lat Soliyevning inqilobga qarshi faoliyatini tavsiflovchi shunga o‘xshash maqola keyinchalik Moskvada nashr etiladigan «Madaniy inqilob» oynomasida «Ma’rifat dushmanlari oliy o‘quv yurtlariga rahbarlik qilishmoqda» degan sarlavha ostida bosilib chiqqan. Lekin Po‘lat Soliyev bunday nohaq ta’nayu malomatlarga, otilgan tuhmat toshlariga, berilgan ma’naviy zarbalarga parvo qilmadi. U hali El-Registonning bema’ni tanqidlari siyohi qurimasidanoq, o‘zbek tarixchilaridan birinchi bo‘lib Buyuk Ipak Yo‘li yo‘nalishlarida joylashgan shahar va qishloqlarni O‘rta Osiyo miqyosida tarixiy, arxeologik, elatshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish zarurligini uqtirib o‘tgandi. Bunda, ayniqsa, Sharqiy Turkiston, Mongoliya va Xitoyga olib boruvchi uchta savdo yo‘llaridan birida joylashgan shaharu qishloqlarni tekshirib ko‘rish g‘oyasini qat’iy ma’qullaydi va bu borada amaliy ishlar qilishni rejalashtirib qo‘yadi.

Po‘lat Soliyev 1929 yil beshinchi mayda Samarqandda tashkil etilgan ilmiy markaz - O‘zbek Davlat ilmiy-tadqiqot ilmgohiga o‘z ma’ruzasini jo‘natadi. Unda asosan quyidagi mulohazalar bayon etilgandi: «Turkistonni Xitoy, Sharqiy Turkistonni Mongoliya bilan birlashtiruvchi savdo yo‘llaridan biri Yetti ariq savdo yo‘lidir. Bu yo‘l bo‘ylab faqat Turkistonninggina emas, balki g‘arbiy Ovro‘pa, O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlaridagi mamlakatlarning karvonlari ham o‘zlarining savdo-sotiq amallarini bajarishgan. Bu yo‘lda qadimgi davrlardayoq shahar va qishloqlar paydo bo‘lgan. Biz bunda, eng avvalo, Chimkent, Sayram, Merka, Avliyo-Ota (qadimgi nomi Tolas) shaharlarini va Sutkent, Qadr, Mankent, Tulkibosh, Qorabuloq hamda boshqa qishloqlarni tilga olib o‘tishimiz mumkin. Bu shahar va qishloqlar bizning eramizdan oldingi beshinchi asrdan buyon mavjuddir. Ana shu joylar elatshunoslik, arxeologik, tarixiy va til muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga juda boy manba bo‘lib xizmat qiladi. Albatta, O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha xonu beklar, boylar, eshon-mullalar qoldirgan hujjatlar, yorliqlar, kitoblar o‘zbek xalqining qadimiy tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega. Ammo shu bilan birga yuqorida nomlari tilga olib o‘tilgan shahar qishloqlarda hamda o‘lkamizning boshqa joylarida qadim-qadim zamonlardan boshlab hunarmandchilik, kosibchilik, san’at, madaniyat, ishlab chiqarishning xilma-xil turlari keng rivojlangan. Buni o‘rganish esa o‘rta asrlar iqtisodiyoti haqida qimmatli ma’lumotlar beradi».

Po‘lat Soliyev o‘zining aytgan so‘zlarini amalda isbotlagani holda 1929 yilning iyulidan boshlab har yili ta’til vaqtida O‘rta Osiyoning qadimgi shahar va qishloqlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan ekspeditsiyalarga rahbarlik qilardi. Bu ilmiy ekspeditsiyalar tarkibida O‘zbekiston Davlat pedagogika akademiyasi tolib va muallimlari, Toshkent davlat dorilfununi xodimlari, uning eng yaqin shogirdlari - kelgusida akademik olim bo‘lib yetishgan I.Mo‘minov, Ya.Fylomov, R.Nabiyev va boshqalar ishtirok etardi. Ekspeditsiya ishlarining natijasi o‘laroq, o‘zbek xalqining milliy, ma’naviy durdonalari zaxirasi ko‘plab qo‘lyozmalar va qimmatbaho tarixiy manbalar bilan boyidi.

Taniqli o‘zbek tarixchisi Po‘lat Soliyevning milliy tarixiy fikrlar parvozi hamda o‘zbek tarixiy maktabining fojialari bilan uzviy bog‘liq hayoti va ijodiy faoliyati haqida bitta yoki bir necha maqolada batafsil hikoya qilib berishning imkoni yo‘q. Shu bois kelgusida uning g‘aroyib tarjimai holiga bag‘ishlangan kitob yozishni niyat qilib qo‘yganmiz.

Valeriy Germanov,

tarix fanlari doktori.