Buyuk Ipak yo‘li haqida nimalarni bilasiz?

Sharq va G‘arb xalqlari o‘rtasida tarixiy-madaniy aloqalar va savdo munosobatlarni bog‘lab turishda qadimda Buyuk Ipak yo‘li muhim o‘rin tutgan. Bu yo‘ldan miloddan avvalgi II asrda vujudga kelib, XVI asrga qadar foydalanilgan.
Buyuk Ipak yo‘li degan nomni esa 1877 yilda shu yo‘l orqali rivojlangan savdoda ipak eng muhum ahamiyatga ega bo‘lgani uchun nemis tarixchisi K.Rixthofen bergan.
Buyuk Ipak yo‘li 12 ming chaqirimgacha uzunlikda bo‘lib, bu yo‘l orqali ko‘plab Sharq davlatlari bilan har tomonlama aloqalar o‘rnatilgan. Buyuk Ipak yo‘li Sariq dengizi sohillaridan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopatamiya orqali O‘rta Yer dengizi sohillarigacha borgan. Ikkinchi yo‘nalish O‘rta Osiyo orqali Hindistonga olib borgan.
Bu yo‘lda Sian, Dunxuan, Yorkent, Samarqand, Buxoro, Termiz, Marv kabi juda ko‘p ko‘hna shaharlar joylashgan. Xitoyning Anosi shahriga kelib esa Buyuk Ipak yo‘li bir necha tarmoqlarga bo‘lingan. Birinchi tarmoq Anosi, Qashqar orqali Qo‘qonga, undan keyin esa Toshkentga o‘tgan. Bu yerdan Jizzax va Samarqand orqali Buxoroga kelgan yo‘l Urganch orqali Gurevga, undan esa Oqsaroy orqali Qora dengiz bo‘ylariga chiqqan. Yana bir tarmoq esa Dunxian orqali Xo‘jandga, undan Lahorga o‘tib ketgan. Buxoroga kelib esa bu tarmoq ikkiga bo‘lingan. Janubiy yo‘nalish Buxoroga, Qarshi, Termiz orqali Nishopurga o‘tgan. Nishopurdagi tarmoqlarning biri Tehron, Bog‘dod yo‘nalishi bo‘ylab O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi Tir shahrigacha cho‘zilgan. Umuman olganda, Buyuk Ipak yo‘lining janubiy tarmog‘i O‘zgan orqali O‘shga o‘tib, Quva va Marg‘ilon, Qo‘qon orqali Xo‘jand, Samarqand, Buxoroga o‘tgan. Shimoliy yo‘nalish esa Xazor xoqonligi va Bulqor davlati orqali Kiyev Rusi va Yevropa mamlakatlariga borgan.
Buyuk Ipak yo‘lining karvon yo‘llaridan tashqari ichki savdo yo‘llari ham mavjud bo‘lgan. Savdogarlar moldan tashqari turli fan va madaniyat sohalari yangiliklarini ham keltirgan. Sug‘diyonadan Xitoyga jun-gazlama, gilam, qimmatbaho toshlar, bezaklar va ko‘p boshqa buyumlar olib borilgan. Baqtriyadan tuyalar olib borilgan bo‘lsa, Farg‘onadan zotdor otlaru Hindistondan ziravorlar, kumush va fil suyagidan ishlov berilgan buyumlar olib borilgan. Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab ko‘plab shaharlar, bozorlar, karvonsaroylar qurilgan. Savdogarlarning aksariyati yo‘lning oxirigacha bormagan, chunki O‘rta Osiyo shaharlari ushbu yo‘lning markazida joylashgani bois savdogarlar Xorazm, Termiz, Samarqand va boshqa hududlarda narsalarini sotib, tugatib mahalliy mahsulotlarni xarid qilib ketgan.
Buyuk Ipak yo‘li davrida barpo etilgan me’morchilik yodgorliklarini o‘rganish vaqtida ko‘plab tangalar, sopol mis buyumlar topilgan. Xususan, Afrosiyobdan sopollar, Rim shamdonlari, Misr muhrlari, Termizdan Rim tangalari xazinasi va O‘rta Yer dengizi atrofida Kushon tangalari topilgan.
Temuriylar davrida Buyuk Ipak yo‘liga katta ahamiyat berilgan. Ko‘plab karvonsaroylar, bozorlar, karvon bekatlari qurilib, eskilari ta’mirlangan. Karvonlarni mahalliy hokimliklar tomonidan qo‘riqchilar himoya qilib, bir manzildan ikkinchi manzilga kuzatishgan.
Buyuk Ipak yo‘lida o‘z diplomatik missiyasini bajargan Rui Gonzales de Klavixo o‘ziga va Misr elchisiga ko‘rsatilgan e’tibor haqida alohida eslatib o‘tgan. Masalan, unda Misr elchisini 20 nafar harbiy qo‘riqlab borgani yozilgan. Sohibqiron karvon yo‘llarida kimda-kim zarar ko‘rsa, bunday huquqbuzarliklarga javobgarlikni shu hudud amaldorlariga yuklagan. Zararni amaldorlar hissasidan undirish qoidasining joriy etilishi xalqaro savdo yo‘lidagi huquqiy kafolatlardan biri bo‘lib qolgan.
Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan shaharlar, avvalo, Samarqand Amir Temur davrida yuqori darajada ravnaq topgan. Samarqandda dunyoning barcha hududlaridan savdogarlar kelib turgan. Bu yerda do‘konu bozorlar, hunarmandchilik rastalari, ustaxonalari son-sanoqsiz bo‘lib, mahalliy mahsulotlar chetga sotilgan.
Dilnoza G‘aniyeva,
Registon ansambli gid ekskursovodi.