Vasiliy Bartold: Bir olim, bir shahar, bir tarix

Taniqli sharqshunos olim, arxeolog va tarixchi Vasiliy Bartoldning ilmiy qiziqishlari Samarqand bilan chambarchas bog‘liq edi. 1904 yilda u shahar atrofidagi arxeologik qazishmalarga rahbarlik qilib, o‘lka tarixiga oid asosiy asarlardan biriga aylangan “Mo‘g‘ullar istilosi davridagi Turkiston” nomli nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Shuningdek, V.Bartold Samarqandning temuriylar davri tarixini ham o‘rganishga hissa qo‘shgan.

Afrosiyob shaharchasini o‘rganish va yozma manbalar bilan solishtirish unga Samarqand tarixiga oid bir qancha muhim masalalarni hal etish imkonini berdi. Umuman, Bartold Samarqandga bag‘ishlab «1365 yildagi Samarqand xalq harakati», «Samarqand ossuariylari (marhumlar suyaklari saqlanadigan maxsus joylar) haqida batafsil», «1904 yilning yozida Samarqandga bo‘lgan sayohat haqida hisobot», «Arxeologik maqsadlarda Samarqandga sayohat», «Jo‘yi Arziz» kabi ko‘plab ilmiy maqolalarni yozgan.

1906 yilda O‘rta Osiyoda sodir bo‘lgan zilziladan keyin hukumat  tarix va madaniyat yodgorliklari holatini o‘rganish, ularni asrab-avaylash bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklatilgan N.I.Veselovskiy, V.A.Jukovskiy, V.V.Bartolddan iborat komissiyani tuzdi. Komissiya Amir Temur, Ruhobod maqbaralari, Ulug‘bek madrasasi, Bibixonim masjidi va boshqa obidalarni o‘rganish, o‘lchash va suratga olish ishlarini tashkil etdi.

Vasiliy Bartoldning merosi nihoyatda keng va rang-barang. Mintaqaning tarixi, siyosiy, madaniy va iqtisodiy hayoti, arxeologiya, etnografiya, numizmatika, din va boshqa ko‘plab masalalari bilan qiziqqan olimning ajoyib iste’dodi, g‘ayrati va mehnat qobiliyati unga osiyoshunoslik bo‘yicha juda ko‘p ilmiy ishlarni yaratishga imkon berdi.

Olimning barcha asarlari 1963 yildan 1977 yilgacha tizimlashtirilib, to‘qqiz jildda qayta nashr etildi. Hozirda bibliografik asarlar Rossiya Federatsiyasi Milliy Fanlar Akademiyasi kutubxonasidagi nodir kolleksiyalar fondida saqlanib kelinadi.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.