“Oqqush qo‘shig‘i”: Samarqandda yangi drama yaratildi
Viloyat musiqali drama teatrida dramaturg Salohiddin Sirojiddinov qalamiga mansub “Oqqush qo‘shig‘i” musiqiy-romantik dramasining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu drama yozuvchi va dramaturg O‘lmas Umarbekovning yorqin xotirasiga bag‘ishlanadi. O‘z hayoti uchun kurashayotgan olijanob bir inson qaltis vaziyatda ham o‘zi kabi bemor qizaloqqa mehr bilan otalarcha iltifot ko‘rsatadi. O‘zi uchun mavjud bo‘lgan yashash imkoni taqdim etilgan operatsiyadan voz kechib, uni qizaloqqa taqdim etadi. Lekin yozuvchi ham yashashni, qizining yoniga qaytishni juda xohlardi, ammo undagi insoniy tuyg‘ularning balandligi bu imkoniyatdan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi.
Yozuvchining naqadar odamoxun, ko‘ngli toza shaxs ekanligi spektakl mobaynida to‘la ochib beriladi. O‘lmas Umarbekov obrazi zamonamizning asl fidoyi qahramoni sifatida tomoshabinlar ko‘z o‘ngida yorqin gavdalandi.
“Oqqush qo‘shig‘i” musiqiy-romantik dramasi professor Bahodir Nazarov tomonidan sahnalashtirilgan. Asarda har bir qahramon o‘z rolini astoydil ijro etib, tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.