Kompyuter o‘yinlari uchun pul topiladi, teatrga esa...
Samarqandda O‘zbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Imom Buxoriy va Sukarno” spektakli premerasini ko‘rib, ayrim mulohazalarni bildirishni lozim ko‘rdik.
Yaqinda ko‘p qavatli uylar orasidagi ayvonchada bir voqeaga guvoh bo‘ldim. Telefon orqali kim bilandir suhbatlashib, o‘rindiqda yoyilib o‘tirgan kishining yoniga chamasi sakkiz yoshdagi bir bola va uni yetaklagan o‘smir qiz kelib, salom berdi.
- Dada, 10 ming so‘m bering, - so‘radi bola.
- Nima qilasiz bu pulni, o‘g‘lim, - dedi ota cho‘ntagiga qo‘lini solib va suhbatdoshidan uzr so‘radi. – Kechirasiz, do‘stim. O‘g‘lim pul so‘rab kelgandi, bir daqiqa.
Bolaga bergan savoliga hali javob eshitmasdan, bir dasta pulning orasidan 20 ming so‘mni olib, uzatdi.
- Dada, mengayam 20 ming so‘m kerak edi, - dedi qiz ham iltimos ohangida.
- Nima qilasan?
- Ustozimiz ertaga bizni teatrga olib borar ekan, - dadasidan rad javobini eshitishdan hadiksiradi, shekilli, birdaniga qo‘shimcha izoh bera boshladi. – Tarixiy spektakl ekan. Bunday spektakllar ham adabiyotdan, ham tarixdan olgan bilimlarimizni oshirishga xizmat qilarkan.
- Uyga kir, - dedi dadasi buyruq ohangida. – Internetda tarixiy spektakllar tiqilib yotibdi, tomosha qilaver. Kechagina “Wi-Fi” uchun pul o‘tkazdim.
- Manavingizga berdingiz-ku, - dedi qiz yig‘lamsirab. – Bu bola sizdan olgan pulning barini kompyuter o‘yinlari uchun sarflayotganiniyam bilasiz, men esa...
Ota qo‘li bilan imlab, “ket-ket” ishorasini qildi va telefondagi suhbatini davom etdirdi.
Shu voqeadan ko‘p o‘tmay, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri va viloyat musiqali drama teatrida “Imom Buxoriy va Sukarno” deb nomlangan spektaklning premerasi namoyish etilishi haqidagi xabarni eshitib qoldim va tomosha qilish uchun teatrga bordim. Spektakl tugagach, teatr binosidan chiqayotib, ijodkor yigit Abbos Shodmonqulov hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Mamayunus Pardayevlarni uchratib qoldim.
- Zo‘r spektakl bo‘libdi-ya, - dedi Abbos Shodmonqulov. – To‘g‘risi, ko‘p kitob o‘qiganman, deb yurgan ekanman. Ammo o‘tgan asrning o‘rtalarida buyuk bobomiz Imom Buxoriyning qabri e’tiborsiz yotgan bir paytda Indoneziya prezidenti uni qidirib, toptirgani va ziyorat qilgani, shunday ulug‘ zot mangu qo‘nim topgan joy xaroba ahvolda ekanligidan ko‘ngli ranjigani hamda bu holat mas’ul rahbarlarni uyg‘otishga chorlagani haqida bugun bildim.
- Yoshlar tarbiyasida teatrning o‘rni alohida, - dedi ustoz Mamayunus Pardayev. – Tashqi kuchlar ta’sirida farzandlarimiz telefonga berilib, vaqtini besamar o‘tkazyapti. Ular o‘qish va izlanish o‘rniga internet tarmog‘idagi keraksiz o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lyapti. Afsuski, aksariyat ota-onalar bunga befarq. Agar ular farzandlari bilan birga teatrlarga kelib, tarbiyaviy ahamiyatga ega spektakllarni tomosha qilishsa, foydadan xoli bo‘lmasdi.
Biz tomosha qilgan spektakl ikki davlat O‘zbekiston va Indoneziya ijodkorlari tomonidan sahnalashtirilgan ekan. Haqiqatan ham mazkur spektakl yaxshi ishlangan. Premera tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Bu sahna asarining yaratilish tarixini bizga Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri rahbari Botir Tugalov gapirib berdi:
- 2023 yil yanvar oyida viloyatimiz delegatsiyasi Indoneziya va Malayziya davlatlarida safarda bo‘lgan edi. O‘shanda teatrimiz bilan Indoneziyaning Jakarta shahridagi Bumi Purnati teatri o‘rtasida besh yilga mo‘ljallangan ijodiy hamkorlik memorandumi imzolangandi. Buning natijasida ikki teatr jamoasi birgalikda ushbu spektaklni yaratdik. Mazkur sahna asari indonoyeziyalik taniqli dramaturg Ahmad Favziy hamda o‘zbekistonlik Go‘zaloy Solih tomonidan yozildi. Asar ikki oy davomida ikki davlat ijodkorlari tomonidan onlayn tarzda ishlandi va 15 kun davomida teatrimizda sahnalashtirilib, repetitsiya jarayonlari o‘tkazildi. Bu asar 1956 yilda Indoneziyaning birinchi prezidenti janob Sukarno O‘zbekistonga tashrif buyurib, Imom Buxoriy hazratlari qabrini ziyorat qilishi va bu yo‘lda uchragan to‘siqlar haqida hikoya qiladi. Spektakl rejissyorlari - indoneziyalik ijodkor Ahmad Favziy va O‘zbekiston xalq artisti Valixon Umarov. Spektakl premerasi poytaxtda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, mazkur spektakl Indoneziya, Malayziya va Singapur davlatlarining bir qator shaharlarida ham namoyish etiladi.
Har ikki hududda o‘tkazilgan premerada Indoneziyaning Bumi Purnati teatri rahbari Restu Imansari ishtirok etdi.
- Hamkorlik masalasida sifatga alohida e’tibor beramiz, - deydi u. – Sifat past bo‘lgan teatrlar bilan hamkorlik qilmaymiz. Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida ijodiy muhit yaxshi. Ikki yarim yildan beri bu teatr bilan hamkorlik qilib kelyapmiz va buning natijasida ikki tomondayam ijodiy o‘sish kuzatildi. Bugungi spektakl premerasiga bahoni tomoshabinlar berdi. Ularning ijodiy asarimizni diqqat bilan kuzatishi, yurakdan qabul qilishi meni xursand qildi.
Bugun ko‘pchilik spektakl tomosha qilishga hafsala qilmay qo‘ydi. Kino ko‘radigan bo‘lsa ham, internet tarmog‘i orqali telefon yoki kompyuterga tikilishni odat qilgan. Bu esa ko‘z nurining susayishiga ham olib kelishi shubhasiz. Teatrda spektaklni jonli tomosha qilishning esa gashti boshqacha.
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (video).