Ulug‘ muhaddis ilmiy merosi o‘rganildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida “Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Musulmonlar idorasi, Hadis ilmi maktabi rahbariyati va ilmiy jamoalari, Samarqanddagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlari hamda Samarqand viloyatidagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir Qur’on oyatlari tilovati bilan boshlandi.
Shundan so‘ng Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Firdavs Halimov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov va boshqalar Imom Buxoriyning muqaddas islom dini rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, hadisshunoslikdagi xizmatlari va buning evaziga muhaddislar sultoni deb nom qozonganligi haqida so‘z yuritdilar. Shu bilan birga yurtimizda ulug‘ muhaddis merosini o‘rganish va tadqiq etish, u kishi mangu orom topgan maskanni obod qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.
Jumladan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ayni paytda yangidan barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra alloma nomi bilan ataladigan innovatsion muzey tashkil etilayotganini ta’kidlab, anjuman qatnashchilarini mazkur muzey konsepsiyasi loyihasi bilan tanishtirdi.
– Muzey 9 zaldan iborat bo‘ladi va dastlab payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam va boshqa payg‘ambarlar haqida ma’lumotlardan boshlab Imom Buxoriyning hayoti, ilm yo‘li haqida xronolik tarzda himoya qilinadi, – deydi Sh.Ziyodov. – Zallarda ulug‘ bobomiz yashagan davrni aks ettiradigan surat va lavhalar, qadimiy ashyolar, qo‘lyozmalar, muqaddas dinimiz tarixiga oid manbalar zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida namoyish etiladi. Muzey va uning konsepsiyasini yaratishda Madina shahridagi payg‘ambarimiz siyratlari va islom sivilizasiyasi muzeyi, Istanbul, Bursa, Anqara, Parij va Buyuk Britaniyadagi dunyoga mashhur muzeylar tajribasidan foydalanildi. Davlatimiz rahbari qayd etganlaridek, Imom Buxoriy majmuasi bugun ulug‘ allomamiz shuhratiga munosib tarzda qaytadan bunyod etilmoqda. Ziyoratgoh ko‘rkam va salobatli bo‘lishi tabiiy. Lekin bu yerga kelgan kishilar majmuani faqat ziyorat qilish bilan cheklanmay, undan ma’rifat o‘rganishi, saboq olishi kerak. Qalbi ilm va hikmat nurlari bilan munavvar bo‘lishi lozim. Prezidentimizning mazkur muzeyni tashkil etish g‘oyalarining asosi shu aslida.
Anjuman qatnashchilari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat yurtimiz ulamolari, balki butun islom olamining yetuk namoyandalari tomonidan yuksak baholanib, islom ilmlari rivojiga benazir hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasidagi ishlar e’tirof etilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi va boshqa diniy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu borada zalvorli qadam bo‘ldi. Xususan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan qisqa vaqt ichida 77 nomdagi kitob va xalqchil risolalar nashr etildi, buyuk allomalarimizning 40 ta noyob asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Mahalliy va xorijiy nashrlarda mingdan ziyod ilmiy maqola e’lon qilindi.
– Islom dunyosida hadislarni to‘plagan ulamolar ko‘p, – deydi Misrdagi Al-Azhar universiteti o‘qituvchisi, ayni paytda Hadis ilmi maktabi tinglovchilariga saboq berayotgan Shayx Mahmud Hasan. – Ular orasida Imom Buxoriy hazratlari to‘plagan sahih hadislar alohida ajralib turadi va ularning fazilati, qadri-qimmati beqiyos. Shu bois u zotning “Al-Jome’ as-sahih” asari Qur’oni karimdan keyin eng muqaddas kitob, ishonchli manba deyiladi. Chunki Imom Buxoriy rahmatullohi alayh hadislarni to‘plashda ularni qaysi roviylar aytgani, uning ustozi kim bo‘lgani, zehni, xotirasi qandayligigacha e’tibor qaratgan. Har bir hadisni bir necha manbalar bilan solishtirib, so‘ngra eng asoslisini qoldirgan.
Anjuman doirasida qatnashchilar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati, shuningdek, Imom Buxoriy majmuasi qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Alloma xotirasi va merosiga chuqur hurmat-ehtirom tariqasida “Sahihul Buxoriy” to‘plami xatm qilindi.
Konferensiya 22 iyul kuni Toshkent shahrida islom sivilizatsiyasi markazida davom etishi ma’lum qilindi.