“Islomda inson qadr-qimmatiga katta e’tibor beriladi”: Mahallalarda Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazilmoqda
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan mahallalarda “Imom Buxoriy merosi – yot g‘oyalarga qarshi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilyapti.
Ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash maqsadida tashkil etilayotgan davra suhbatlarining dastlabkisi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida Samarqand shahridagi “Galaosiyo” va “Ibrohimxo‘ja” mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazildi.
- Qur’oni karimning yuzdan ziyod oyatida musulmonlar tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va jamiyatning barcha a’zolari bilan xushmuomalalikka da’vat etilgan, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Shukrillo Umarov. - Islomda inson qadr-qimmatiga katta e’tibor beriladi va e’tiqodidan qat’i nazar har bir kishining hayoti, sha’ni va haq-huquqlari yuksak qadrlanadi.
Uchrashuvlarda yoshlarni turli axborot xurujlaridan saqlash, jamiyatda ijtimoiy-huquqiy xatarlarning oldini olish hamda kuchli mafkuraviy immunitetni hosil qilishga oid muhim va hayotiy misollar bilan dalillangan ilmiy va amaliy tavsiyalar berildi.