Imom Buxoriy majmuasiga Hirot oq marmar toshlari yotqiziladi

Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasida Afg‘oniston rasmiylarining Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi qurilishi uchun tuhfa etayotgan Hirot oq marmar toshlarini topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Afg‘oniston delegatsiyasi mamlakatimizda buyuk ajdodlarimizning hoki mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish chog‘ida Imom Buxoriy majmuasi qurilishi bilan tanishib, bu yerdagi qurilishga o‘z hissasini qo‘shish uchun Hirot oq marmari bilan ta’minlashini taklif etgan edi. Shunga muvofiq bugun Afg‘onistondan O‘zbekistonga 18 ta yuk mashinasida uzunligi turli o‘lchamdagi qalinligi 3,5 - 4 santimetrli noyob oq marmar toshning dastlabki 324 qutisi yetkazildi. 

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Prezidentimizning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatullo Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov yon qo‘shni o‘zbek-afg‘on xalqining o‘tmishdan o‘zaro do‘stlik rishtalari, hamkorlik aloqalari keng yo‘lga qo‘yilgani haqida so‘z yuritib, davlatimiz rahbari hamisha Afg‘onistondagi vaziyatga, afg‘on xalqining tinch, osuda hayotini ta’minlashga dunyo hamjamiyatining e’tiborini qaratib kelayotganini ta’kidladi. Keyingi yillarda bu aloqalar yangi bosqichda rivojlanayotgani, Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan Surxondaryo va Balx viloyatlari o‘rtasidagi iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar aloqalar ham yuksalib borayotgani va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda Prezidentimiz g‘oyasi bilan barpo etilgan “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi muhim o‘rin tutayotgani, zamonaviy savdo markazida o‘zbek-afg‘on rasmiylari uchrashuvlarida yangi g‘oya va takliflar ilgari surilayotgani qayd etildi.

– Bu toshlarni islom olamining ulug‘ allomasi, Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadigan nodir boylik muallifi Imom Buxoriy rahmatullohi alayhining yangi qurilayotgan majmuasi va uning atrofiga to‘shash uchun olib keldik, –deydi Afg‘oniston tashqi ishlar vazirligi Balx viloyatidagi vakolatxonasi rahbari Mavlaviy Aminulloh Sodiq. – Keyingi yillarda qadimgi bordi-keldi munosabatlarimiz yangi bosqichda rivojlanib, o‘zaro hamkorligimiz mustahkamlanmoqda. Tijorat, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarimiz kengayib borayotir. Bu toshga dunyoda katta qiziqish mavjud. U issiqda isib, sovuqda sovib ketmaydi. Tozalanishi ham juda oson. O‘ziga suv yuqtirmaydi. Bugun to‘rt ming kvadrat-metr hajmda marmar tosh olib keldik. Ikkinchi bosqichi ham tayyor bo‘lishi bilan O‘zbekistonga yetkaziladi.

Tadbir yakunida ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik, jumladan, savdo, transport, gumanitar va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri