Baxt siri
Oydin ko‘zlarida yosh bilan ishga otlanar ekan, negadir eridan ham, hayotidan ham nafratlanib ketdi. Ko‘zi qo‘shnisi Ismigulga tushdi: eri bilan shodon holda "Jentra"siga o‘tirib ketyapti.
«Mana, shu xotina ishlamasa ham eri uchun qadrli…», deb o‘yladi u alam bilan.
Qo‘lidan tutmoqchi bo‘lgan qizini esa jahl bilan jerkib tashladi.
— O‘zing yurasan!
Qizaloq qo‘rqa-pisa onasiga qarab, muzdek qo‘lchalarini kurtkasi ichiga tiqdi.
— Qaysi go‘rdanam shu odamga tegdim? Boshqa yigit qolmaganmidi? Uyida hatto shimildirig‘i ham yo‘q, yana tozalangan bo‘lib yuradi!
Yo‘lda qo‘shnisi Bahorani uchratdi.
— Ha, qo‘shni, ishgami? — dedi u jilmayib.
Oydin ko‘zlarini olib qochdi.
— Ha, kechikib ketdim…
Ko‘z qiri bilan Bahoraning qimmatbaho shubasiga qarab qo‘ydi. «Bu xotinning ham hayoti maza: ikki o‘g‘li bor, eri yaxshi topadi…»
Shu payt qizi muzga sirpanib ketdi. Oydin jahl bilan uning yuziga shapaloq tushirdi.
— Ko‘zing ko‘rmaydimi?!
Qiz chirillab yig‘lasa ham, uni sudrab bog‘chaga tashladi. Cho‘ntagida vizillab turgan telefonni o‘chirib qo‘ydi.
— Qaysi bet bilan qo‘ng‘iroq qilyapti? Shoshmay tursin, baribir ajrashaman!
Ishxonada esa ko‘ngli bezovta bo‘lib o‘tirdi. Oxiri noiloj telefonni yoqib, tanish hamshiraga qo‘ng‘iroq qildi. Hamshira tezda yetib keldi.
— Voy, kech qoldim, Oydinxon. Bahoranikidan kelayotgandim.
— Nima bo‘ldi? — dedi Oydin hayron bo‘lib.
— Faqat hech kimga aytmang… Eri uribdi, boshi bilan stolga urilib hushdan ketgan ekan.
Oydin yuvoshgina qo‘shnisini eslab, ich-ichidan ezildi.
— Tavba…
— Juda yaxshi ayol-da bechora. Faqat kulib yuradi. Ustiga-ustak onasi yo‘q, o‘gay ona qo‘lida katta bo‘lgan…
Oydin hayratda qoldi.
— Bilmas ekanman…
— Qon bosimingizni tez o‘lchay, Ismigulnikiga ham borishim kerak.
— Unga nima bo‘ldi?
— Birinchi farzandidan keyin homilador bo‘lolmayapti. Ayb erida, lekin hech kimga aytmaydi…
Oydin doim erini maqtab yuradigan qo‘shnisini eslab, lol qoldi.
Hamshira gapirar, lekin uning so‘zlari endi Oydin qulog‘iga kirmasdi. Ko‘z oldidan o‘z hayoti o‘tdi: uni qadrlaydigan eri, bir o‘g‘li, bir qizi, ishi bor, ota-onasi tirik, uyida ovqat uzilmaydi…
Ko‘zlaridan yosh dumalab tushdi. Go‘yo ko‘nglidagi g‘uborlar yuvilib ketgandek. U endi o‘zining hayoti hammanikidan yaxshi ekanini anglagandi.
Nafisa MALIKOVA.