Samarqand davlat chet tillar institutida “Ochiq eshiklar kuni”
Institutning roman-german tillari fakultetida Samarqand shahridagi nemis, fransuz, ispan va italyan tillariga ixtisoslashgan 19-, 43- va 51-umumta’lim maktablarining bitiruvchi sinflari o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
“Karera markazi” tomonidan uyushtirilgan tadbirda 100 nafardan ko‘proq bitiruvchilar ishtirok etdi. Yoshlar ushbu fakultetdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari, qabul jarayoni, hujjat topshirishning tartib-qoidalari hamda institut faoliyati, ta’lim imkoniyatlari bilan tanishdi. Shuningdek, bitiruvchilar bilan davra suhbati tashkil qilinib, ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
– “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bitiruvchilarning ilm olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi, kelajakda kasbini ongli tanlashlariga yordam beradi, - deydi institut “Karera markazi” rahbari O‘tkir Sayfiyev. – Bugungi tadbirdan so‘ng aksariyat bitiruvchilar kelajakda o‘qishni aynan roman-german tillari fakultetida davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirishdi.
Ahror Rustamov,
SamDChTI axborot xizmati xodimi.