Mahalla raislari qay tariqa o‘qitiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida mahalla mas’ullarining malakasini oshirish, ularda zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanishiga ko‘maklashish belgilangan.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda mahalla raislarining 90 foizi oliy, 10 foizi o‘rta-maxsus ma’lumotli hisoblanadi. Shuningdek, 1 foizi 30 yoshgacha, 17 foizi 31-40 yosh, 31 foizi 41-50 yosh, 38 foizi 51-60 yosh, 13 foizi 60 yoshdan kattalarni tashkil etadi.

Kattalarni o‘qitish masalalari bilan androgogika fani shug‘ullanadi. Pedagogika fanidan farqli o‘laroq, androgogikada ta’lim oluvchining emas, balki o‘qituvchining o‘rni bo‘lishi kerak. Ma’ruzalarda nazariy materialni o‘zlashtirish o‘rniga androgogika asosan aniq keyslar, munozaralar, ishbilarmonlik o‘yinlari va boshqalarni hal etish shaklida amaliy mashg‘ulotlar nazarda tutiladi.

Viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursida mahalla raislari faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, androgogikaning asosiy tamoyillariga tayangan holda o‘quv dasturi ishlab chiqilgan.

Tinglovchilar bilan savol-javoblar, anketa so‘rovlari monitoringi shuni ko‘rsatadiki, samarali jamoatchilik bilan aloqa, notiqlik texnikasi va boshqa mavzularga talab yildan-yilga ortib bormoqda.

Shuning uchun malaka oshirish kurslari o‘quv dasturiga “aholini Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda mahallaning o‘rni hamda mahalla raislarining rahbarlik mahorati va muloqot madaniyatini shakllantirish yo‘llari” mavzusi kiritilgan. Trenerning fikriga ko‘ra, muloqot ko‘nikmalari mahalla raisining fuqarolar bilan konstruktiv muloqot qilish, notiqlik ko‘nikmalarini, ishontirish texnikasini egallash, ishonchli munosabatlarni o‘rnatish, muzokaralar olib borish va noqulay vaziyatlarda o‘z his-tuyg‘ularini boshqarish qobiliyatidir.

Prezidentimizning O‘zbekiston xalqi va Oliy Majlisga Murojaatnomasida “... qaysi mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri loyiha qilib, uni asoslab bersa, zarur mablag‘ni olsin. Shunda adolatdan bo‘ladi,” deb ta’kidlagan edi.

Shundan kelib chiqib “Mahallada menejment funksiyalarini samarali qo‘llash, natijador qarorlar qabul qilish kompetensiyalarini shakllantirish” mavzusi bugungi kunda eng dolzarb bo‘lmoqda.

Umuman, bugungi rais "hard skills"ga, ya’ni qattiq yoki texnik ko‘nikmalar - bu konkret kasbga oid, o‘qitish, o‘lchanadigan va sertifikat yoki diplom bilan tasdiqlanishi mumkin bo‘lgan maxsus va kasbiy bilimlar hamda mahoratlar, masalan, xorijiy til bilish, moliyaviy hisob-kitob va kompyuter dasturlaridan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari raislar “Soft skills” - yumshoq ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishi kerak. Ular kasbga bog‘liq bo‘lmaydi, lekin insonning hayotdagi muvaffaqiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Odamlar bilan muomala qilish madaniyati, nizolarni hal qilish qobiliyati, odamlarni ishontirish mahorati, moslashuvchanlik, mas’uliyatlilik, puxtalik, har ishni o‘z vaqtida bajarish, tanqidiy fikrlash, kreativlik kabi xususiyatlar "yumshoq ko‘nikmalar"ga misol bo‘ladi.

Barcha o‘quv dasturlari tinglovchilar tarkibining o‘ziga xos xususiyatlari, ularning kasbiy ish tajribasi, shuningdek, yuqorida qayd etilgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda tuziladi. Birinchi saylangan raislar uchun o‘qitish dasturi tajribali raislar o‘quv dasturidan farqli bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda.

Masalan, birinchi saylangan raislar uchun o‘qitish dasturida asosiy tushunchalar samarali kommunikatsiyalar, notiqlik mahorati, mojarolarni hal etish va jamiyat bilan muloqot va o‘zaro hamkorlikni yuritish qoidalari, jamiyat bilan kommunikatsiyalarda foydalanish bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, yaqinda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Davlat dasturi loyihasida boshqa masalalar qatori asosiy ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi 2 mingdan ziyod qonunchilik hujjatlari xatlovdan o‘tkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali ulardagi kolliziyalar, nomuvofiqliklar, «noaniq» qoidalar va boshqa korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etilishi ko‘zda tutilyapti.

Demak, mahalla raislari ham bu jarayondan xabardor bo‘lishi, uning bevosita ishtirokchisiga aylanishi kerak. Qolaversa, loyihada davlat organlari rahbarlarining o‘zi rahbarlik qilayotgan idora yoki tizim faoliyatida yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato va kamchiliklar uchun siyosiy javobgarligi institutini joriy qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Bu, tabiiyki, raislarga siyosiy uyg‘oq bo‘lish talabini qo‘yadi. Zotan, loyihada siyosiy lavozimlarni egallagan davlat xizmatchilarining xalq oldida mas’ulligi, ularga nisbatan ishonchsizlik bildirilishi asoslari va tartibi nazarda tutilyapti.

Qayd etish o‘rinliki, 24 soat nazariy, 12 soatlik amaliy mashg‘ulotlarda bu kabi masalalar ham e’tiborga olingan. Kelgusida asosiy qism amaliy mashg‘ulotlarda ishbilarmonlik o‘yini, keys vazifalarini hal etish, haqiqiy voqealar videoroliklarini tahlil qilish kerak, deb o‘ylaymiz. Tinglovchilarning maqomi va darajasini hisobga olgan holda ta’lim oddiy va nostandart vaziyatlarda jamoa va xalqni samarali boshqarish bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarni, shuningdek, kommunikativ fazilatlarni rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan bo‘lishi zarur.

Darvoqe, o‘quv kurslari dasturlarida nazarda tutilgan barcha talablarni bajargan va sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar beriladi.

Toshtemir ERGAShEV,

viloyat hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi direktori.