Otishma ro‘y berdi: Tojikiston Afg‘onistondan uzr so‘rashni talab qildi
Tojik-afg‘on chegarasidagi otishma oqibatida ikki nafar tojik chegarachisi halok bo‘lgan.
Javob choralari davomida Tojikiston hududiga Afg‘oniston tomonidan noqonuniy o‘tgan uch nafar qurollangan shaxs yo‘q qilingan. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabar qildi.
Dushanbe hodisa yuzasidan Kobuldan rasmiy uzr so‘rashni va chegara xavfsizligini kuchaytirishni talab qildi. Tojik hukumatiga ko‘ra, yo‘q qilingan shaxslar terrorchilik hujumi tayyorlayotgan bo‘lgan.
Tojik tomoni so‘nggi bir oy ichida Afg‘oniston hududidan chegara buzilishi bilan bog‘liq uchinchi jiddiy hodisa qayd etilganini ta’kidlab, bunday voqealar uchun javobgarlik Tolibon hukumati zimmasida ekanini bildirdi.
Hozirda chegarada vaziyat barqaror, tergov ishlari davom etmoqda.