Pangat otlarining dovrug‘i qani?
Pangat – tog‘lar orasida yashiringan mo‘’jizaviy qishloq. Uning musaffo buloqlari, sharqiroq soylari, jilg‘alari va bir-biridan go‘zal bog‘larini ko‘rgan kishi bir umr unga maftun bo‘lib qoladi.
Shuning uchun ham bu maskan ”Pangat - yerdagi jannat,” deb ta’riflanadi. Uning betakror tabiati, odamlarining jo‘mard va mehmondo‘stligi haqida ko‘p va xo‘p yozilgan. Bu gal esa biz bu haqda emas, balki qadim-qadimdan, hatto yaqin o‘tmishda ham mashhur bo‘lgan Pangat otlari to‘g‘risida mulohaza yuritmoqchimiz.
Ha, Pangat otlari azal-azaldan dovrug‘dor bo‘lgan. Mashhur dostonchi, baxshi bobomiz Ergash Jumanbulbul o‘g‘li ”Ot chopsa, gumbirlar tog‘lar darasi”, deya do‘mbirasini sayratganda, aynan shu – keng o‘mrovli, har tuyog‘i do‘ppidek keladigan Pangat otlarini nazarda tutgan bo‘lsa, ajab emas. Chunki baxshi bobomiz bu go‘shadan uncha uzoq bo‘lmagan Qo‘rg‘on qishlog‘ida yashagan va tulporlarni ko‘rgan. Tabiiyki, ular shunchaki ulov emas, balki tog‘lar bag‘rida shakllangan sabr, matonat va erkinlik timsoli sifatida baxshi bobomizga jo‘shqin ilhom bag‘ishlagan.
– Yilqichilikka ixtisoslashgan “Pangat” naslchilik xo‘jaligida 1500 boshga yaqin ot bor edi, - deb eslaydi shu xo‘jalikda uzoq yillar yilqiboqar bo‘lib ishlagan O‘roqboy Sirliboyev. – Yuzlab uyurlar Nurota tizmalarining Ustuk tog‘laridan to Beshbarmoq cho‘qqilariga qadar yastangan kengliklarda yoyilib yurardi. Afsuski, o‘tgan asrning 93-yili oxirida boshlangan xususiylashtirish jarayonlarining noto‘g‘ri amalga oshirilishi, boz ustiga, tabiiy ofatlar yuz berishi, ozuqa bazasining nochorligi yilqilarning ko‘p qismi nobud bo‘lishi hamda talon-toroj qilinishiga, xo‘jalikning esa kasod bo‘lishiga olib keldi...
Qadim zamonlardanoq ot insonning eng yaqin hamrohi bo‘lgan. U qishning qahratoniga ham, yozning jaziramasiga ham bardosh bera oladi, eng qaltis tik qoyalardan ham mardona o‘ta oladi. Bunga Nurota tog‘larining eng baland nuqtasi – Hayot cho‘qqisiga chiqayotganimda shaxsan o‘zim ham guvoh bo‘lganman.
Tog‘ so‘qmoqlari bo‘ylab Mojurim darasi ustidan o‘tayotganimizda vaziyat shu qadar qaltis tus oldiki, chap tarafga qarasang tik qoya, o‘ng taraf tubsiz jarlik, bamisoli kiprikdagi yoshdek titrab borardik. Shu payt men mingan otning bir oyog‘i toyib, munkidi. Qo‘rquvdan yuragim ortga tortib, esxonam uchib ketdi. Buni payqagan yo‘ldoshim tog‘begi Pardaboy akaning:
– Mehmon, qo‘rqmang, otning oyog‘i to‘rtta, biri toysa, uchtasa ushlab qoladi, – deb taskin berganidan hushimga keldim. Yana biroz yurgandan so‘ng bundan-da battar qaltis vaziyatga duch keldik.
– Endi otlarning jilovini bo‘sh qo‘yinglar, – deb maslahat berdi yo‘lboshlovchimiz. – Egarni mahkam ushlasangiz bas, bu yog‘iga otlarning o‘zi olib chiqadi...
Tik qoyatoshdan otlar tasir-tusur qilib ko‘tarildi. Bunday qarasam, xuddi bulutning ustida yurgandekman, xudo ko‘rsatmasin, toyib ketsang bormi, parashyutsiz tubsiz jarlikka sho‘ng‘ib ketish hech gap emasdi.
Aytishlaricha, otlar faqat chavandozlar qo‘lida emas, ularning qalbida ham yashar ekan. Ot bilan inson o‘rtasidagi bog‘liqlik moddiy ehtiyojdan emas, ruhiy uyg‘unlikdan tug‘ilgan, desak xato emas.
Tarixga nazar solsak, har bir yurtning qudrati uning otlarida ham namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Pangat otlari ham o‘z davrida turli musobaqa va ko‘pkarilarda nom chiqargan. Ular tezligi bilan shamolni ortda qoldirgan, chidamliligi bilan esa chavandozga vafo ko‘rsatgan, hech qachon pand bermagan. Shu ma’noda, Pangat oti ishonch degan tushunchaning jonli ifodasiga aylangan.
Bugungi kunda Pangatda yilqi uyurlari qolmagan. Faqat ba’zi xonadonlarda, ashaddiy ot ishqibozlari qo‘lida uchraydi, xolos. Biroq qadimiy Pangat otlari xotiralarda, qo‘shiqlarda, baxshilar dostonida ular hali ham shamolday yelib uchmoqda. Darvoqe, agar millat o‘z otini unutsa, o‘z yo‘lini ham unutadi, deyishadi. Demak, Pangat otlarini eslash – bu o‘tmishga qaytish emas, balki kelajakka ildiz bilan bog‘lanishdir.
Shunday ekan, Pangat otlarini asrab qolish va ko‘paytirish, dovrug‘ini qayta tiklash shunchaki chorvachilik masalasi emas, balki ma’naviy burch, tarix oldidagi mas’uliyat hamdir. Chunki har bir mahalliy ot zoti o‘sha yurtning tabiati, turmush tarzi va ruhiyati mahsuli hisoblanadi. Pangat otlari yo‘qolsa, tog‘lar bag‘rida asrlar davomida shakllangan noyob irsiy xazina ham yo‘qoladi.
– Avvalo, bu otlarning nasl tozaligini saqlash muhim. Tasodifiy chatishtirish emas, balki ilmiy asosda mahalliy sharoitni hisobga olgan holda ko‘paytirish ishlari yo‘lga qo‘yilishi kerak, – deydi 1990 yillarda yilqichilik xo‘jaligida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlagan, ayni paytda Qo‘shrabot tumani Fermerlar kengashi raisi Erkin Sulaymonov. – Bu borada keksalarning tajribasi, otboqarlar bilimlari va zamonaviy veterinariya yutuqlari uyg‘unlashsa, samara yuqori bo‘ladi.
Shuningdek, Pangat otlariga nisbatan yoshlarda qiziqishni uyg‘otish lozim. Ot faqat o‘tmish timsoli emas, u tarbiya vositasi hamdir. Ot minish, uni parvarishlash, yosh avlodni sabr-toqatga, mas’uliyatga, tabiatga mehr qo‘yishga o‘rgatadi. Agar bola ot bilan ulg‘aysa, u yerga ham, elga ham befarq bo‘lmaydi...
Bu mulohazalarga qo‘shimcha tarzda aytish kerakki, Pangat otlarini milliy brend sifatida targ‘ib etish mumkin. Turizm, etnofestivallar, ko‘pkari va milliy o‘yinlar orqali bu zotni yana xalq orasiga qaytarish zarur. Chunki qadrlanmagan narsa asralmaydi.
Eng muhimi, Pangat otlarini asrash, uning dovrug‘ini tiklash faqat ayrim odamlarning emas, jamoatchilikning umumiy ishiga aylanishi kerak. Davlat qo‘llab-quvvatlashi, mahalliy tashabbuslar va el ichidagi mehr uyg‘unlashsagina shamolday uchqur Pangat otlari yana tog‘lar bag‘rida kishnab yuradi.
Norbobo Shakarov,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.