Yaldo kechasi va chilla: Tabiat qonuni, xalq hikmati, qish barakasi, dehqon umidi

Bugun 21 dekabrdan 22 dekabrga o‘tar kechasi eng qisqa kun va eng uzun tun (17 soat) sodir bo‘ladi.

Ushbu tun Yaldo kechasi deyiladi. Ilgari Yaldo kechalarini kishilar zoriqib kutishgan. Qish kunlari hafta sayin gap-gashtak deyilgan, davraga to‘plaganlar g‘azalxonlik qilishgan, bahri-bayt aytishib, mushoiralar o‘tkazishgan, raqs tushishgan, qo‘shiqlar xirgoyi qilishgan, dutor-doira chalib, o‘yin-kulgini qizitishgan. 

Shu bilan birga hijriy-shamsiy yil taqvimi hisobiga ko‘ra, jadiy oyi ham boshlandi. Jadiyning o‘ziga yarasha xislatu qonun-qoidalari, fazilatlari bor. Jumladan, bu oyda yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha 40 millimetrni, havo namligi 72 foizni tashkil etishi kerak. Ba’zan chillada 40 daraja va undan kuchli sovuqlar bo‘ladi. Xuddi shuningdek, oy ancha iliq kechadigan yillar ham kuzatiladi.

Ertaga, 22 dekabrdan so‘ng kunlar asta-sekin uzaya boshlaydi. Xalqimiz orasida “To‘qson kirsa, to‘rg‘ay odimi bilan, qantar og‘sa (8 fevral), qarg‘a odimi bilan kunlar uzayadi”, degan naql bor.

Dehqonning ham, bog‘bonu chorvadorning ham chillada amalga oshirishi lozim bo‘lgan ishlari, shunga yarasha tashvish-taraddudlari bor. Aslini olganda, zumrad bahor gullarining ham, yoz ne’matlariyu kuz mo‘l-ko‘lligining ham dastlabki kurtaklariga chilla asos soladi.

Binobarin, “Sifatli shudgor kelgusi yil mo‘l hosilining garovi”, deymiz. Shunday. Chunki chuqur haydalgan yer chillada rosa muzlaydi. Natijada bunday maydonlarning tuproq tarkibi yaxshilanadi, hosildorligi oshadi, qishlov uchun yashiringan hasharotlar, begona o‘t urug‘lari, ildizlari qiriladi. Agar haydashdan oldin ekin maydonlariga go‘ng yoki boshqa mahalliy o‘g‘itlar solingan bo‘lsa, tag‘in ham yaxshiroq samara beradi.

G‘allakor dehqon chillada qalin qor yog‘ishini istaydi. Chunki qor kuzgi don maysalari ustini ko‘rpaday yopib, izg‘irin va sovuqdan asraydi. Qor suvi yerga singuvchandir. Bahor kelishi bilan “ko‘rpa” erib, maysalar tomiriga kuch beradi, nam uzoq saqlanadi. Chillada qor serob kelsa, xirmonga baraka enadi. “Qor yog‘di, don yog‘di”, deydilar. Chilla suvi ham foydali. Xususan, uzum, sabzavot ekinlaridan barakali hosil yetishtiraman, degan bog‘bon, kasbini sevgan sohibkor buning qadriga ko‘proq yetadi. Chilla suviga bir marta qondirilgan tok va mevazor bog‘lar yoz oylarida suvni bir marta kam talab qiladi.

Xayrulla QOSIMOV.