Ko‘pkari zavqi: Mardlar maydonga tushdi, chavandozlar sinovdan o‘tdi

Toyloq tumanining Qo‘shchinor mahallasida joylashgan “Uloq-ko‘pkari” maydoni mardlar nafasi ufurib turgan, chavandozlar shijoati sinovdan o‘tadigan haqiqiy jasorat sahnasiga aylandi.

Bu yerda milliy sportimizning yuragi hisoblangan ko‘pkari musobaqasi ko‘tarinki ruhda, xalqona bayram kayfiyatida o‘tkazildi.

Ko‘pkari, bu shunchaki o‘yin emas, u ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan mardlik maktabi. Bekorga xalqimiz: “Ot - yigitning qanoti”, demaydi. Maydonga chiqqan har bir chavandoz o‘z oti bilan bir tanu bir jon bo‘lib, g‘alaba sari intildi.

Tadbirni tuman hokimi Behzod Rahmatullayev ochib, yig‘ilganlarni Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etdi.

- Ko‘pkari xalqimizning ruhi, jasorati va birdamligining yorqin ifodasidir, - dedi B.Rahmatullayev. - Ko‘pkari - mardlar o‘yini. Bu yerda yuragi bor yigitgina yutadi. Bu maydonda faqat kuch emas, aql, sabr va jipslik ham sinovdan o‘tadi. O‘ylaymizki, bugun faqat ana shu jihatlarga labbay deb javob beradigan polvonlar g‘olib bo‘ladi.

Ko‘pkarida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan chavandozlar ishtirok etib, maydonni chinakam jang maydoniga aylantirdi. Chavandozlar orasida shunday shijoatli bahslar kechdiki, tomoshabinlar har bir harakatni hayajon bilan kuzatdi. Kimdir chaqqonlik bilan uloqni ilib ketsa, yana kimdir kuch va matonat bilan raqiblar orasidan yorib chiqdi.

Haqiqatan ham, bu o‘yinda g‘alaba qozonish uchun nafaqat jismoniy kuch, balki jasorat, zehn va sabr ham talab etiladi. Chavandozlar har bir daqiqada xavfni yengib, g‘alaba uchun kurashdi.

Tadbir xalqaro mehmonlarni ham befarq qoldirmadi. Afrika va Fransiyadan kelgan sayyohlar milliy sportimizga katta qiziqish bilan qarab, hayratlarini yashira olmadilar.

- Biz bunday jonli va shijoatli o‘yinni ilk bor ko‘ryapmiz. Bu nafaqat sport o‘yini, balki haqiqiy madaniyat namunasi ekan, - dedi ulardan biri.

Ko‘pkari, bu - o‘tmish va bugunni bog‘lovchi ko‘prik. U yosh avlodni mardlik, jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydi. El kuchi - birdamlikda, deb byekorga aytilmagan. Bu maydonda ham ana shu birdamlik, jipslik va milliy g‘urur yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ushbu ko‘pkari nafaqat sport tadbiri, balki milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va ajdodlar merosini targ‘ib etuvchi katta ma’naviy bayram sifatida barcha ishtirokchi va tomoshabinlarda unutilmas taassurot qoldirdi.