Arabistonliklar Imom Buxoriy maqbarasining xarobligini ko‘rib hayratlanishgandi

Keyingi paytda Imom Buxoriy hazratlari merosini o‘rganishga qiziqish tobora kuchaymoqda. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Payariqdagi ulug‘ muhaddis maqbarasining ta’mirlanishi va bu yerda katta masjid hamda ziyoratgoh bunyod etilgani, majmua atrofidagi mahallalarning obodonlashtirilgani yurtdoshlarimizga faxr bag‘ishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda majmua haqida tarqalgan lavhalarni ko‘rib, munosabatimni bildirmoqqa jazm etdim.

Asli samarqandlikman. Oliy ma’lumotli jurnalist sifatida «Ishtixon ovozi» gazetasida ko‘p yillar ishladim. So‘ng viloyat yoshlar qo‘mitasi, viloyat partiya qo‘mitasida faoliyat ko‘rsatdim. Keyin hayotim Buxoro bilan bog‘landi va ayni paytda bu qadimiy shaharda nodavlat-notijorat tashkilotini boshqaryapman. Imkon bo‘ldi deguncha, oilamiz bilan bu qadimiy yurtdagi obidalarni ziyorat qilib turamiz. Bu esa bizga ruhiy quvvat bag‘ishlaydi.

…O‘shanda men viloyat partiya qo‘mitasi targ‘ibot-tashviqot bo‘limida ishlardim. Arabistonlik mehmonlar tashrif buyurganda ularni Imom Buxoriy maqbarasi joylashgan Xartang qishlog‘iga boshlab borish zimmamga yuklatildi. Yashirmayman, ateistik nuqtai nazarda kamol topganimiz uchun ularning harakatlari men uchun yangilik edi. Shunday bo‘lsa-da, ularning har bir talabini risoladagidek bajarishga harakat qildim.

Maxsus mashinada yetib borganimizda ular yodgorlikning ahvolini ko‘rib hayratlanishdi. Bizning esa bu holatga ko‘zimiz o‘rgangan. Mehmonlar cho‘kka tushib, tilovatni boshlashdi. So‘ng o‘rnidan turgach, ularning rahbari menga pul uzatdi va aholini chaqirib, atrofni tartibga keltiruvchilarga berishimni so‘radi. Tabiiyki, pulni olmadim. Atrofdagi bolalar, yosh-yalangdan iltimos qildim. Ular kelib, maqbara atrofini xas-hashakdan tozalashga yordam berishdi. Ziyorat ozroq cho‘zilgani uchun Payariq tumani partiya qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qilib, hasharchi tashkil etishlarini so‘radim. Biroq ulardan «SSSR hukumati bajara olmagan ishni biz uddalarmidik», degan javobni eshitdim. Umuman, delegatsiyani kutib olishga tumandan rahbarlar kelishmadi.

Mehmonlar yurakdan ziyorat qilishdi, ko‘ziga yosh olganlari ham bo‘ldi. Imom Buxoriyning hadislarini o‘qib, bu ulug‘ zot siymosiga tasannolar aytishdi. Garchi, yuzimga aytmagan bo‘lsa-da, yuz-ko‘zlaridan ularning hafa bo‘lganini sezdim, bu holat o‘zim uchun ham noqulay bo‘ldi. Mehmonlar shundan so‘ng Buxoro tomon ketishdi. Idoraga qaytib kelganimda viloyat partiya qo‘mitasining bo‘lim mudiri alohida chaqirib, axborotimni eshitdi. Va, bu voqealarni, gap-so‘zlarni hech kimga aytmasligimni tayinladi.

Qarang, kunlar o‘tdi, yillar o‘tdi, qadriyatlarimiz, muhimi, Imom Buxoriy o‘z eliga qaytdi. Bugun ulug‘ allomaning salohiyati oldida butun O‘zbekiston ta’zimda, butun dunyo ta’zimda. Samarqandda islom dunyosi uchun chinakam e’tiqod timsoli sifatida majmua barpo etildi. Bunday ko‘rkam bino davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bo‘layotganligi g‘ururimni oshiradi. Xususan, Ramazon kunlarida ro‘zadorlar har bir davrada ana shu savobli ish uchun uning tashkilotchilari sha’niga duolar qilishmoqda. Men ham o‘shalarning biriman.

Ishonaman, hali bu ulug‘ ziyoratgoh dindoshlarimiz uchun Ka’badan keyingi tabarruk maskanga aylanadi. Bu yerga poyezdlar, samolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Chunki xalqimiz, dunyo ahli Imom Buxoriy merosi, uning g‘oyalari va shaxsan o‘zining komilligi insoniyat komilligi uchun muhim shart ekanligini anglab yetdi. Shunday kunlarimizga ko‘z tegmasin!

Ra’no SOHIBOVA, Buxoro shahri.