Kollejda olingan toifa maktabgacha ta’lim tashkilotlariga o‘tmaydimi?
- 2023 yilda pedagogika kollejida yetakchi o‘qituvchi toifasini olganman. Yaqinda kollej tugatildi va men bog‘chaga direktor o‘rinbosarligi lavozimiga ishga qabul qilindim. Lekin ushbu navbatdan tashqari to‘lov qilib olgan toifam o‘tmas ekan. Hisobchilarning aytishicha, direktor o‘rinbosari degan toifa olishim kerak emish. Shunda olgan toifalarim bekor bo‘ladimi, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga o‘tmaydimi?
- Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi 572-son qaroriga 1-ilova sifatida tasdiqlangan "Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomning 17-bandi pedagog kadrlarning malaka toifalari (lavozimlari) boshqa ta’lim tashkilotlariga, ta’lim tashkilotlarining bir turidan boshqasiga yoxud nodavlat ta’lim tashkilotidan davlat ta’lim tashkilotiga ishga o‘tganda saqlab qolinadi.
Bunda maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining ikkinchi malaka toifasi - o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining katta o‘qituvchisi lavozimiga, birinchi malaka toifasi - yetakchi o‘qituvchisi lavozimiga, oliy malaka toifasi - bosh o‘qituvchisi lavozimiga tenglashtiriladi.
Yuqoridagi qoidaga asosan sizning pedagogika kollejida olgan yetakchi o‘qituvchi toifangiz maktabgacha ta’lim tashkilotida 1-toifa sifatida tan olinadi. Yuqoridagilarni inobatga olib, sizga birinchi toifali pedagog sifatida haq to‘lashi kerak. Ish beruvchi sizga birinchi toifali pedagog sifatida ish haqi to‘lashdan bosh tortsa, adliya bo‘limiga yoki prokuraturaga ariza berishingiz kerak. Ular holatni o‘rganib chiqib, sizga amaliy yordam beradi (https://t.me/nuroniylarovozi/184707).
"Huquqshunos".