O‘qituvchilar ikkinchi toifa olish uchun attestatsiyadan o‘tmoqda

Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida Xalq ta’limi vazirining joriy yil 11 dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan ikkinchi malaka toifasiga talabgor pedagog kadrlarning attestatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan samarqandlik 6 500 nafardan ortiq umumta’lim maktablari o‘qituvchilari o‘z bilim va tajribasini sinovdan o‘tkazishmoqda.

Attestatsiya jarayonlariga 280 ta kompyuter va noutbuklar jalb etilib, ularning tezkor ishlashi mutaxassislar nazoratiga olingan.

O‘qituvchilar o‘quv fanlaridan 40 tadan savol hamda testni onlayn tartibda, kompyuterlarda bajarib, har bir to‘g‘ri javob uchun 2,5 balldan olishmoqda. Sinovlarning xolis va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti xodimlari kuzatib bormoqda. Bundan tashqari, har bir auditoriyalarga kameralar o‘rnatilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, bugun viloyatimizdagi umumta’lim muassasalarida 54535 nafar o‘qituvchi mehnat qilmoqda. Ularning 1049 nafari oliy, 4545 nafari birinchi hamda 10495 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchilardir.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.