Attestatsiya savollari ayrim o‘qituvchilarga qiyin bo‘lishi mumkin, ammo menga sezilmadi

Pedagoglar malaka toifasi uchun tashkil etiladigan attestatsiya imtihoni bu yil ancha murakkab bo‘lgani rost. Mantiqiy savollar pedagoglarni qiynayotgani, hamma ham bu jarayondan yuqori ball ololmayotgani ham haqiqat.
Shuning uchun bo‘lsa kerak dastlab ijtimoiy tarmoqlarda ayrim pedagoglarning norozilik chiqishlari ham bo‘ldi.
Bu yilgi attestatsiya imtihonida 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglarga 70 foiz ustama beriladi. Bunday ustamani har qanday pedagog ham qo‘lga kiritolmaydi. Faqat o‘z ustida muntazam ishlagan, o‘z fanini chuqur biladigan pedagoglar imtihonda yuqori ball to‘play olyapti. Keling, yaxshisi yuqori natijaga erishgan pedagoglarning o‘zlaridan attestatsiya imtihoniga qanday tayyorgarlik ko‘rgani haqida so‘raymiz.
Suxrob To‘rayev, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining Samarqand filiali matematika fani o‘qituvchisi:
- Asli otam matematika fani o‘qituvchisi, shu sababli men bolaligimdan matematikaga mehr qo‘ydim. Samarqand davlat universitetining matematika fakultetida maxsus saralangan guruhda o‘qidim. Biz o‘qigan paytda talabalar orasidan eng kuchli 18 nafar talaba imtihon asosida tanlanib, ularga alohida dars o‘tilardi. Universitetni bitirgach, bir yil xususiy maktabda, ikki yildan beri ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchilarga matematika fanidan dars beryapman.
O‘tgan yilning avgust oyida SAT xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdim. Xalqaro sertifikat uchun bo‘lib o‘tadigan imtihonda matematika va ingliz tilidan savollar beriladi. Imtihonda matematikadan barcha savollarga javob topganman, ingliz tilidan xatolarim bo‘lgan. Xalqaro sertifikat uchun 50 foiz ustama olaman.
Pedagoglarning malaka toifasi uchun tashkil etiladigan attestatsiya imtihonlariga qatnashib kelyapman. Kuzgi attestatsiyada muddatidan oldin ishtirok etib, 80 ball bilan oliy toifani qo‘lga kiritgandim. Bu safar attestatsiya imtihonida 92 ball oldim. Do‘stim Asliddin To‘rayev bilan telegram kanal ochib, matematika fani o‘qituvchilarini attestatsiyaga tayyorlaganim uchun yuqori natijaga erishdim deb o‘ylayman. O‘qituvchilarga yordam bo‘lsin, deb shu loyihaga qo‘l urdik. Natijasini avvalo o‘zimda ko‘rdim. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilarini ham xalqaro sertifikat olishga tayyorlayapman.
Endi bu galgi attestatsiya imtihonidan so‘ng ish haqimga yana 70 foiz ustama puli to‘lanadi, ya’ni jami 120 foiz ustama puli olaman.
Attestatsiya imtihoni haqidagi har xil gap-so‘zlarga ishonmayman. Bu jarayonda o‘zim ishtirok etib kelganim bois test sinovlarining shaffof o‘tayotganiga guvoh bo‘lyapman. Avvalgi attestatsiya imtihonida loaqal yoningizdagi pedagogga gapirsangiz bo‘lardi. Bu yilgi attestatsiyada hatto yoningizdagi o‘qituvchi bilan ham gaplashishning imkoni yo‘q. Dastur shunday ishlab chiqilgan.
Sherali Jo‘rayev, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi:
- Men oliy toifali o‘qituvchiman. Bugungi attestatsiya imtihonida 96 ball to‘pladim. Test savollari ayrim o‘qituvchilar uchun qiyin bo‘lishi mumkin, ammo menga qiyinligi sezilmadi. Sababi, yigirma yildan beri o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasasiga tayyorlayman. Darsdan keyin tarix faniga qiziqishi bor o‘quvchilarga qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib boraman. O‘quvchilarim fan olimpiadalarida qatnashib, viloyat va respublikada faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. 2023 yilda vazir jamg‘armasiga sazovor bo‘ldim. Shuningdek, tarix fanidan milliy sertifikatim bor.
O‘z kasbini sevgan va doim o‘z ustida ishlaydigan o‘qituvchilarga bugun keng imkoniyatlar yaratilyapti. Bilimli xor bo‘lmas, degani shu bo‘lsa kerak.
Xurshida ERNAZAROVA.