Samarqandda pedagoglar attestatsiyasi boshlandi, imtihonlar ikki bosqichda bo‘lib o‘tadi
Bugun viloyat Bilimlarni baholash markazida pedagog kadrlar attestatsiyasiga start berildi.
Bu yilgi pedagoglar malaka toifasi uchun tashkil qilingan attestatsiya jarayonlarida viloyatimizdan 21 ming 430 nafar pedagog ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida malaka toifasini olish sinovlari ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi baholanadi. Bunda pedagoglarga mutaxassislik fani bo‘yicha 35 ta hamda kasbiy standartlariga oid 5 ta test savollari beriladi.
Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahorati baholanadi. Bunda pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida 10 ta savol-topshiriq beriladi.
Har ikkala bosqich ham kompyuterda real vaqt rejimida (onlayn) o‘tkaziladi. Buning natijasida tashqi aralashuvning oldi olinib, inson omili aralashuviga barham beriladi.
Test sinovida har bir nomzodga matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika fanlari uchun 2 soat (120 daqiqa), qolgan fanlardan 1,5 soat (90 daqiqa) vaqt beriladi.
Attestatsiya jarayonlari may oyi oxiriga qadar davom etadi.