Samarqandda pedagoglarning attestatsiyasi bo‘lib o‘tmoqda
Malaka test sinovlari Samarqand shahridagi Bilimlarni baholash markazi binosida tashkil etilgan. Unga maktabgacha, umumta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagoglari jalb etilgan.
"Attestatsiya jarayonlarida ishtirok etish uchun viloyatdagi ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagoglardan 19 ming 532 ta murojaat kelib tushgan, - deyiladi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabarida. - Ularning 15 ming 453 tasi qabul qilingan, 1514 tasi tizimga noto‘g‘ri yuklanganligi sababli rad etilgan. 686 ta ariza egasi to‘lovni amalga oshirmagani bois qaytarilgan.
Talabgorlardan kelib tushgan arizalarning 16 ming 139 tasi navbatdan tashqari bo‘lib, ular o‘z xohishiga ko‘ra toifa imtihonlari topshirishga ariza bergan pedagoglardir.
Test sinovi jarayonlarining shaffof va sifatli tashkil etish maqsadida barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayni kunda matematika va fizika fani o‘qituvchilari malaka oshirish imtihonidan o‘tmoqda.
Imtihonlar 14 noyabrgacha davom etadi.