Attestatsiyadan nega qo‘rqamiz: pedagoglar “gaplashib” imtihondan o‘tayotgani rostmi?

Har yili pedagoglar attestatsiyasi atrofida sodir bo‘ladigan gap-so‘zlar nafaqat ushbu soha vakillarini, balki boshqalarni ham o‘ylantiryapti, imtihon jarayonining shaffofligiga shubha uyg‘otyapti. Haqiqatan ham attestatsiyada birovning o‘rniga boshqasi kirib test savollarini yechib bera oladimi? X-variant tarqab ketgani rostmi? Bu yilgi attestatsiya jarayonlari o‘tgan yillardagidan nimasi bilan farq qiladi?
Shu kabi savollarga javob topish maqsadida Samarqand shahridagi Bilimlarni baholash markazida bo‘ldik.
Markazning kirish qismida kutish zali bo‘lib, attestatsiya imtihoniga kelgan padagoglar navbati kelguniga qadar shu yerda o‘tirishi, test sinovlariga tayyorlanib turishi mumkin. Kimdir kitob, boshqasi daftar o‘qib o‘tiribdi. Test sinovlari jarayoniga kirishdan oldin pedagoglar dastlab ro‘yxatdan o‘tishi, telefon, sumka kabi buyumlarini tashqarida qoldirishi kerak. Keyingi bosqichda xotin-qizlarga alohida, erkak o‘qituvchilarga alohida ichki ishlar xodimlaridan iborat guruh tekshiruvdan o‘tkazyapti. Tekshiruvdan o‘tgan o‘qituvchilar test sinovlariga kiritilyapti.
Birovning o‘rniga imtihonga kirish mumkinmi?
- Shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan imtihonga kirgan pedagog testda qatnashishi uchun avval monitorda JShShIRini teradi, so‘ngra Face ID dasturi chiqadi, - de ydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining pedagoglarni bilim va ko‘nikmasini baholash shu’ba boshlig‘i Latif Karimov. - Ushbu dastur orqali monitor pedagogning yuzini tanib olgach, ekranda savollar paydo bo‘ladi. Bu yerda inson omili aralashmaydi. Agar biron kishi boshqa pedagogning o‘rniga kirib, JShShIRini tersa, monitorda “Bu shaxs bunga tegishli emas”, degan yozuv chiqadi. Tabiiyki, begona shaxsga test savollari ham berilmaydi.
Ikkinchidan, har bir kompyuterda kamera joylashtirilgan. Agar pedagog yon tarafiga qarab gaplashsa, har xil harakatlar qilsa, monitordan uzoqlashsa, unga ogohlantirish xati keladi. Uch marta ogohlantirish olgan pedagogning imtihoni avtomatik ravishda to‘xtatiladi. Dastur shunday ishlab chiqilganki, bu jarayon inson omilisiz amalga oshiriladi.
O‘qituvchilarga oldindan savollar beriladimi?
O‘qituvchilarga oldindan savollar berilmaydi, balki mavzular beriladi. Qaysi mavzuda savollar tuzilgan bo‘lsa, o‘sha mavzular ro‘yxati vazirlikning rasmiy telegram sahifasida e’lon qilinadi. Masalan, matematika o‘qituvchilari uchun kvadrat tenglama degan mavzu tushishi mumkin. Aynan mana shunga o‘xshash savollar tushadi, degan savollar varianti yo‘q.
Test savollarining 40 tasi fanga oid va 10 tasi pedagogik mahoratdan tuzilgan bo‘lib, har bir to‘g‘ri javobga 2 balldan beriladi. Testni yechish uchun aniq fanlarga 2 soat, tabiiy fanlarga 1,5 soat vaqt belgilangan.
Demak, ikkinchi malaka toifasi uchun pedagog 60 balldan 69 ballgacha, birinchi malaka toifasi uchun 70 balldan 79 ballgacha, oliy toifa uchun 80 ball va undan yuqori ball to‘plashi lozim.
Xalqaro tan olingan sertifikati bor o‘qituvchiga attestatsiya jarayonida fanga oid 40 ta savol uchun 80 ball beriladi. U qolgan pedagogik mahorat bo‘yicha beriladigan savollarni ishlab chiqadi.
Bu yilgi attestatsiyada qanday yangiliklar bor?
- Bu yilgi pedagoglar attestatsiyasida yaxshi yangilik bor, - deydi Latif Karimov. - Vazirlar Mahkamasining qarori asosida navbatdan tashqari va navbatdagi attestatsiya jarayonida qatnashib, 86 va undan yuqori ball olgan o‘qituvchilarga 70 foiz ustama beriladi. Shuning uchun har yilgiga nisbatan bu yil pedagoglarimiz ko‘proq navbatdan tashqari hujjat asosida attestatsiyaga qatnashyapti. Navbatdan tashqari hujjat topshirganlar 337 500 so‘m to‘lovni amalga oshiradi. Agar pedagog testdan yuqori ball to‘plasa, birinchidan, toifasi oshadi va toifasi oshgani uchun maoshi ham ko‘tariladi. Ikkinchidan, yana unga qo‘shimcha 70 foizli ustama to‘lanadi. Bu haqda har bir tumanda seminarlar tashkil qilib, pedagoglarga ushbu yangilikni tushuntirganman. Joriy yilda viloyatda 24075 nafar pedagog attestatsiya jarayoniga qatnashish uchun hujjat topshirgan. Ularning 5 foizi navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazilsa, qolgani navbatdan tashqari, ya’ni o‘zlari xohlab attestatsiyada ishtirok etyapti.
Pedagog yil davomida makala toifasi olishi mumkin
Endi nafaqat pedagoglar attestatsiya jarayonida malaka toifasini qo‘lga kiritadi, balki ularning yutuqlariga ham toifa beriladi. Masalan, agar pedagog magistraturani tugatsa, unga ikkinchi malaka toifasi, ilmiy ish (PhD) qilsa, oliy toifa beriladi. O‘quvchilari sport musobaqalarida g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga ham malaka toifasi beriladi. Sport musobaqalarida o‘quvchi tuman bosqichida faxrli o‘rinni olsa, o‘qituvchiga 2-toifa, o‘quvchi viloyat bosqichida faxrli o‘rinni olsa, o‘qituvchiga 1-toifa, respublika bosqichida o‘quvchi g‘olib bo‘lsa, o‘sha fan o‘qituvchisiga oliy toifa beriladi.
Bundan tashqari, ish staji 25 yil yoki undan yuqori bo‘lgan, yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaldagi malaka toifasi beriladi, ya’ni ular attestatsiya jarayoniga jalb qilinmaydi. Masalan, oliy toifali, 25 yil stajga ega o‘qituvchi pensiya yoshiga 5 yildan kam qolgan bo‘lsa, u pedagog.uz sayti orqali hujjat topshiradi. Platformada uning ish staji va boshqa ma’lumotlari jamlangach, unga oliy toifa beriladi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi video uyushtirilgan
- Attestatsiya jarayonini hamma onlayn ko‘rishi mumkin, - deydi pedagoglarni bilim va ko‘nikmasini baholash shu’ba boshlig‘i. - Siz istasangiz kompyuterda yoki telefonda imtihonni kuzatishingiz, shuningdek, onlayn translyasiyani ekranda to‘xtatib qo‘yishingiz mumkin. Imtihondan yiqilib chiqqan ayrim o‘qituvchilar onlayn translyasiyani avval to‘xtatib qo‘yishgan, so‘ngra imtihondan chiqqan yigitni monitor oldida videoga olishgan. E’tibor bersangiz video to‘xtab turibdi. Bu jarayon shunchaki alamzada pedagoglar tomonidan uyushtirilgan.
Attestatsiyani pul bilan “gaplashish” mumkinmi?
- Bir o‘qituvchimiz o‘ziga ishonmagani uchun attestatsiyani pul bilan olmoqchi bo‘ldi, - deydi o‘qituvchilardan biri. – Rosa “gaplashish”ning imkonini qidirdi, topolmadi. Hamma o‘zi o‘qishi kerak ekan. O‘zim 1-toifali o‘qituvchiman, attestatsiyaga oliy toifa olish uchun kelgandim. Afsuski, bor-yo‘g‘i 58 ball to‘pladim. Savollari maktab darsligidan tuzilmagan, ko‘proq mantiqiy savollar ekan. Shuning uchun rosa qiynaldim. Test sinovi jarayonida qatnashib, birov boshqasiga yordam berib bo‘lmasligiga guvoh bo‘ldim.
- Maktabda o‘z faoliyatimni boshlaganimga ikki yil bo‘ldi, - deydi Urgut tumanidagi 60-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi Eldor Abduxalilov. - Bilimimni sinash maqsadida navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etish uchun hujjat topshirgan edim. Bugun attestatsiya jarayonida qatnashib, mutaxassislikdan ikkinchi malaka toifasini oldim. Test savollarining 60 foizi mantiqiy fikrlashga undaydigan, 40 foizi esa kimyoviy tenglamalardan tuzilgan masalalar ekan. Imtihonga darslik kitoblardan va mavzular bo‘yicha mustaqil tayyorlandim.
- O‘zim oliy toifali o‘qituvman, o‘tgan yili ham navbatdan tashqari attestatsiyaga qatnashib, bilimimni sinab ko‘rgandim, - deydi Toyloq tumanidagi 57-umumiy o‘rta ta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi Akmal Mansurov. – Bu yil ham navbatdan tashqari attestatsiyaga kelib, 90 ball to‘pladim. Test savollarga qiynalganim yo‘q, sababi, doim o‘z ustimda ishlayman. Darsdan keyin o‘quvchilarga repetitorlik ham qilaman. Faqat pedagogik mahoratdan biroz tayyorlandim. Yaqinda uchinchi marta vazir jamg‘armasi imtihonining birinchi bosqichidan o‘tdim. Shuningdek, milliy sertifikatga ham egaman. Agar vazir jamg‘armasining suhbatidan o‘tsam, oliy toifa, milliy sertifikat hammasini qo‘shganda taxminan 20 million so‘m atrofida maosh olsam kerak. O‘z ustida muntazam ishlaydigan o‘qituvchiga bugun barcha imkoniyatlar bor, shuningdek, yuqori ish haqi ham.
Attestatsiya jarayonidagi gap-so‘zlarga kelsak, test sinovlari shaffof tarzda o‘tyapti. Imtihonni “gaplashib” ham, birovning o‘rniga kirib ham olib bo‘lmaydi. Hatto imtihonda kompyuter ustidagi video sizni vati-vaqti bilan rasmga olib turadi. Jarayonni o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchun mish-mishlarga ishonmayman. Pedagoglarga ham faqat o‘z bilimlariga ishonishni maslahat beraman.
***
Mana shunaqa gaplar. Bilimli pedagoglar attestatsiya jarayonidan noliyotgani yo‘q. Bilimli o‘qituvchini test sinovlaridan hech kim yiqita olmaydi. Shuningdek, bilimi past pedagoglarga ham birov yordam berolmaydi.
Xurshida Ernazarova.