Bu yil pedagoglarga attestatsiya jarayoni qanday o‘tkaziladi?
Xabaringiz bor, o‘tgan yili pedagog kadrlarning attestatsiya jarayoni o‘tkazilmadi. Bu yilgi attestatsiya jarayonida ayrim o‘zgarishlar bor. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘ayrat BOBOXOLOV batafsil tushuncha berdi.
- Oliy yoki birinchi toifali o‘qituvchilarimizni sifat tarkibi aslida keyingi bir-ikki yilda yaratilgan imkoniyatlar nuqtai nazaridan o‘sish bo‘ldi, - dedi G‘ayrat Boboxolov. – Chunki bir yilda ikki marta pedagog kadrlarning attestatsiya jarayonining o‘tkazilishi bevosita sifat tarkibiga ta’sirini ko‘rsatdi.
1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilindi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 692-son qarori imzolandi.
Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun attestatsiyaning birinchi bosqichida – pedagogning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasini aniqlash maqsadida 40 ta test topshirig‘i beriladi. Har bir to‘g‘ri bajarilgan test topshirig‘i 2 ball bilan baholanib, test sinovlari uchun jami 80 ball beriladi.
Ikkinchi bosqichda – pedagogik mahoratni aniqlash maqsadida ilg‘or pedagogik uslub va texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha 10 ta topshiriq beriladi.
Bunda har bir to‘g‘ri berilgan javob 2 ball bilan baholanib, jami 20 ball beriladi. Har ikkala bosqich ham bir vaqtda kompyuter dasturlari orqali amalga oshiriladi.
Maktabdan 20 ballik ma’lumotnoma berish tartibi bekor qilindi
Ilgari attestatsiyaga jalb qilinadigan o‘qituvchilar faoliyati birinchi bosqichda ta’lim muassasasining pedagogik (kuzatuv) kengashlari tomonidan o‘rganilib, 20 ballik tizimda baholangan holda ma’lumotnoma berilardi.
Ikkinchi bosqichda esa o‘qituvchining bilimi test orqali 80 ballik tizimda baholanib, ikki bosqich yakunlariga ko‘ra, to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ko‘rsatkich 100 ballga teng bo‘lardi.
Pedagoglarga malaka toifalari berishning yangi tartibiga muvofiq, endi maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagoglari uchun ta’lim tashkilotidan 20 ballik ma’lumotnoma berilmaydigan bo‘ldi.
Pedagoglar faoliyatini 20 ballik tizimda baholab, ularga ma’lumotnoma berish tartibi faqatgina o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkiloti pedagog kadrlari uchun saqlanib qoldi.
***
Ushbu videolavha va maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.