Pedagoglar malakasini oshirish yana eski tizimga qaytyaptimi?
2023-2024 o‘quv yilida viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 872 nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 26 701 nafar pedagoglari malaka oshirgan. Bu haqda viloyat matbuot uyida “O‘qituvchilar malakasini oshirish va bu boradagi muhim o‘zgarishlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xabar berildi.
Shuningdek, joriy yilda Abdulla Avloniy nomidagi milliy tadqiqot institutida 334 nafar maktab direktori, Samarqand davlat chet tillar institutida 525 nafar ingliz tili fani o‘qituvchilarining malakasi oshirilgan.
- Prezidentimizning 2024 yil 21 iyundagi “Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining xodimlari uchun besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda malaka oshirish kurslari joriy qilinadi, - dedi viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi direktori A’lamjon Ibragimov. – Bu eski tizimga qaytish degani emas, aksincha malaka oshirish tizimi yanada takomillashtirilyapti. Masalan, bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha “Virtual kasbiy rivojlantirish” elektron dasturi joriy etiladi. Shuningdek, malaka oshirish kurslari oralig‘ida xodimlarning o‘zaro tajriba almashish va o‘zini o‘zi mustaqil rivojlantirishga asoslangan uzluksiz kasbiy rivojlantirish shakllari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning “Kasbiy rivojlanish soati”, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa “Kasbiy rivojlanish kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bunda har bir tuman (shahar)da yuqori malakali o‘qituvchilar orasidan fanlar kesimida mentor-o‘qituvchilar tarkibi shakllantiriladi, o‘qituvchilarning darslari tahlil qilinadi, ularga metodik yordam ko‘rsatiladi, kasbiy rivojlanishi bo‘yicha tavsiyalar beriladi.