O‘qituvchilar malaka ishi yozishdan qutuldi: endi ular har yili malaka oshiradi

Avvallari malaka oshirish desa, o‘qituvchilar bir-biridan qancha pul ketishini surishtirardi. Sababi, malaka oshirishga kelgan o‘qituvchi bir oy davomida yig‘di-yig‘dilar bilan ovora bo‘lib, o‘qirdi yo o‘qimasdi. Ba’zilari kimlargadir pul berib ketardi va o‘qishga kelmasdi. Endi esa tizim butkul o‘zgargan, sohadagi islohotlar malaka oshirish jarayoniga ham ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori A’lamjon Ibragimov bilan suhbatimiz tizimdagi yangiliklar haqida.

 - Yildan yilga o‘qituvchilarga sifatli ta’lim berish talabi oshmoqda. O‘qituvchilar malakasini oshirish borasida markazda qanday ishlar qilinyapti?

- Bir yil davomida o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha uchta qonun hujjati imzolandi. Shu paytgacha olimlar, tadqiqotchilar, mutaxassislar tomonidan hayot davomida malaka oshirish haqida fikrlar bildirib kelinayotgandi, ammo bu qonunan tasdiqlanmagandi.

To‘g‘risi, pedagoglarning har besh yilda bir oy malaka oshirishi o‘zini oqlamadi. Endi pedagoglar har yili 36 soat malaka oshiradi, bu tartib shu paytgacha tajriba-sinovdan o‘tkazildi va 2022 yilning yanvaridan boshlab respublikamizda barcha o‘qituvchilar uchun to‘liq joriy etiladi. O‘qituvchilar har yili bir hafta malaka oshirish kurslarida o‘qiydi. Avvallari maktab direktorlarining «yordami» bilan ayrim o‘qituvchilar 10-15 yilda ham malaka oshirmagan. Endi esa butunlay yangicha tizim joriy etilmoqda, ya’ni har bir maktab o‘qituvchisi haqidagi ma’lumotlar elektron tarzda bir joyga to‘planadi. Natijada hech kim malaka oshirish jarayonidan chetda qolmaydi. Malaka oshirish tizimi inson omilisiz boshqariladi.

 - Siz aytayotgan 36 soatlik malaka oshirish onlayn tarzda bo‘ladimi yoki an’anaviy?

- Hohlovchilar onlayn tarzida ham o‘qiydi. Biz o‘qituvchilarga turli xil shakllarni taklif qilamiz. Kutilayotgan eng katta yangiligimiz onlayn o‘qitish. Bunda o‘qituvchi platformaga kirib, o‘zini baholash tizimi orqali qaysi dasturlarni o‘qishi kerakligini bilib oladi. Masalan, o‘qituvchi o‘quvchilar bilan yaxshi tillasha olmasa, u shu haqdagi o‘quv dasturlari bilan tanishadi. Lekin faqat bu tarzda o‘qitishga yopishib qolamiz, degan fikrdan yiroqmiz. Ba’zilar qishloq joylarda internet yaxshi ishlamasa qanday o‘qish mumkin, degan e’tirozlar ham bildiryapti. Sharoit yaxshilanishini kutaversak vaqt o‘tib ketadi. 

Shuningdek, bir haftalik o‘qitishning an’anaviy tizimini ham rejalashtiryapmiz. O‘qituvchilarni markazga chaqirib o‘qitishda maktabga zarari tegmaydigan variantini o‘ylayapmiz. Darslarni ta’til kunlariga mo‘ljallashni yoki tinglovchilarni chaqirish emas, ularga borib o‘qitishni joriy qilmoqchimiz. Agar bir haftalik darslarni borib o‘qitsak, hududdagi o‘qituvchilarni bir joyga yig‘amiz. Ularning muammosi bir-biriga yaqin, shu tarzda o‘qituvchilarning muammosiga ham yechim izlaymiz, degan niyatdamiz.

Bundan tashqari, o‘qituvchi biror muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, uni o‘qitishga hojat yo‘q, chunki u o‘z ustida ishlayapti. O‘qituvchining o‘quvchisi xalqaro yoki respublika fan olimpiadasida g‘olib bo‘lsa, bir yil o‘qituvchini malaka oshirishdan ozod qilish taklifi berilyapti. Yoki tajribasi respublikada ommalashtirilgan o‘qituvchini attestatsiya va malaka oshirishdan ozod qilish kerak degan yangicha yondashuvlar kiritilyapti. 

 - Avvalgi suhbatimizda malaka imtihonidan o‘tolmagan o‘qituvchilar qayta imtihon topshirishi haqida aytgandingiz. Hozir ham malaka imtihonidan o‘tolmagan pedagoglar uchrayaptimi?

 - Hozir yondashuvni o‘zgartirdik. Oldin malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilardan 20 betlik malaka ishi yozish talab etilardi. O‘qituvchi atigi 24 kunga malakaga keladi, u qachon yozadi - qanday yozadi, hisobga olinmagan. Endi o‘qituvchilar faqat yakuniy test topshiradi. Buni ham avval faqat ikki marta topshirish mumkin edi. Ba’zi o‘qituvchilar hayajonlanganidan bilganini ham bajarolmasdi. Biz buni ham o‘zgartirdik. Testdan o‘tolmagan o‘qituvchi yana tayyorlanib kelib, istalgan vaqtda ikki, uch, to‘rt marta bo‘lsayam test topshirib ketishi mumkin.

Bu yil viloyat o‘qituvchilarining 63 foizi attestatsiyadan o‘tolmadi. Bunga malaka oshirish aybdor, degan fikrlar bildirildi. Aslida o‘qituvchiga bilimni oliy ta’lim muassasasi beradi, biz esa uning malakasini oshiramiz, xolos. 2020 yilda viloyatda 8 mingdan ortiq o‘qituvchi attestatsiya imtihoni  topshirgan bo‘lsa, bu yil 16 mingga yaqin o‘qituvchining attestatsiyadan o‘tishga xohish bildirgani bu yaxshi natija. Demak, o‘qituvchi o‘z ustida ishlashni boshladi.

Ilgari mutaxassis bilan oliy toifali o‘qituvchining maoshida kam farq bor edi. Masalan, mutaxassis 1 million so‘m olsa, oliy toifali o‘qituvchi 1 million 200 ming so‘m maosh olardi. O‘rtadagi farq kamligi uchun o‘qituvchi toifasini oshirishga qiziqmasdi. Hozir esa mutaxassis o‘qituvchi 2 million so‘m, oliy toifali o‘qituvchi 2 million 800 ming so‘m maosh olyapti. Shuning uchun o‘qituvchi toifasini oshirishga harakat qilyapti.
- Pedagoglar malakasini oshiradigan markaz o‘qituvchilarining o‘zlari qanchalik darajada malakali?
- Malaka oshirish institutida 2009 yildan 2018 yilgacha 9 yil davomida bir nafar ham o‘qituvchi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilmagan. 2018 yildan 2020 yilgacha 8 nafar o‘qituvchi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. O‘qituvchilarimiz Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida tashkil qilingan kurslarda o‘qib kelyapti. Bundan tashqari, xorijiy ta’lim platformalarida o‘qidik. Yaqinda jamoamiz bilan bir nechta o‘quv ilmiy laboratoriyalar tashkil qilishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, respublikada birinchi bo‘lib video studiya, STEAM laboratoriya tashkil qildik.   

 - Malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilarga markazda qanday shart-sharoitlar yaratilgan?

 - O‘qituvchilar uchun 280 o‘rinli yotoqxonamiz bor, ammo yotoqxonamizda 200 nafar atrofida o‘qituvchi istiqomat qiladi. Sababi, yaqin tumanlardan kelayotgan o‘qituvchilarning ko‘pchiligi qatnab o‘qiydi. Barcha o‘quv binolarimiz va yotoqxonamizga zamonaviy isitish tizimi o‘rnatdik, xonalarni ta’mirladik. Yillar davomida isimagan xonalar o‘tgan yildan beri isiyapti.

 Xurshida ERNAZAROVA

suhbatlashdi.