O‘qituvchi sertifikati uchun emas, ish natijasiga ko‘ra rag‘batlantirilishi kerak
Yaqinda «Mahalla» telekanalining «Minbar» ko‘rsatuvida "Maktab ta’limi zamon talabiga mosmi?" degan mavzuda suhbat uyushtirildi. Unda deputatdan tortib adabiyotshunosgacha - turli kasb egalari maktab ta’limi masalalarini kuyunchaklik bilan muhokama qildi. Ammo ular orasida maktab muammolarini tuzukroq biladigan biror-bir mutaxassis ko‘rinmadi. Shu bois ko‘rsatuv deyarli hech bir amaliy xulosaga kelmasdan o‘z poyoniga yetdi.
O‘ylab qarasangiz, ko‘rsatuvda qo‘yilgan savollarga mavzuning o‘zi javob. "Maktab ta’limi zamon talabiga mosmi?" degan ritorik so‘roqqa katta qilib «Yo‘q!» degan dangal javobni berish mumkin. Chunki bugun biz bozor iqtisodiyoti tutumlariga asoslangan erkin jamiyatda yashayapmiz. Ammo ta’lim tizimi otam zamonidan, sobiq sho‘ro qoliplarida qolib ketayotganligi ko‘pchiligimizga sir emas.
Aytaylik, bozor munosabatlari halol raqobat asosida shakllanadi. Buni turli sohalarning rivojida yaqqol ko‘rib turibmiz. Masalan, bozor tartibi bilan ishlayotgan sohalardagi muammolar deyarli to‘laligicha bartaraf etib bo‘lindi. Bunga savdo, transport, umumiy ovqatlanish singari sohalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin. Hozir eng chekka qishloqning eng chekkasidagi kichik do‘konchaga borsangiz ham, izlagan narsangizni topasiz. Yoki yarim kechasi bo‘lsada, telefon qilib taksi chaqirishingiz mumkin. Xizmat ko‘rsatish sifati bir biridan a’lo. Ta’lim sohasi esa chinakam raqobat bo‘lmaganligi bois kundan kunga cho‘kib boryapti. Undagi muammolar yuzasidan qanchalik chiroyli, ilmiy pardali fikrlar bildirilayotganiga qaramasdan, ishlar tobora mushkullashib bormoqda. Ilgarigi ko‘tarinkilik va maqtanchoqlikdan asar ham qolmagan. Ayniqsa, PISA xalqaro tadqiqotlardan so‘ng haqiqiy ahvol bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi.
Adolat yuzasidan aytish lozimki, hatto eski sovet zamonida ham raqobatning qandaydir ko‘rinishlari mavjud edi. Masalan, ustozlar orasidan eng munosib, mahoratli pedagoglar tuman xalq ta’limi bo‘limlariga metodistlik vazifasiga taklif etilar, ular o‘qituvchilarga dars o‘tish mahoratini o‘rgatib, maslahat berardi. Biroq keyingi paytda bu taomil buzilib, metodistlikka tasodifiy odamlar tayinlanadigan bo‘ldi. O‘tgan asrning 80 yillaridagi bir voqea esimga keldi. Maktabimizda yaxshi bir chet tili o‘qituvchisi bor edi. Uni rayonoga metodistlikka tavsiya qilishdi. Ammo u kishining o‘rniga boshqa bir yosh, tajribasiz o‘qituvchi tayinlandi. Nega desangiz, yosh o‘qituvchining otasi olib bergan mashinasi bor ekan. Keyin bilsak, bunaqa lavozimga mashinasi yo‘qlarni qabul qilishmasmish. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, rayonoga metodist emas, mashinali yugurdak zarur bo‘lgan.
Qizig‘i, negadir maoshi kam bo‘lsa ham, odamlar metodistlikka intilardi. Ajablanmang, fan bo‘yicha metodistlar, ya’ni ustozlarning ustozi bo‘lishi kerak bo‘lgan pedagog xodimlar oddiy o‘qituvchilardan kam maosh olardi. Hatto direktorlarning oyligi ham o‘qituvchilarnikidan kam edi. Masalan, men o‘zim ham pedagoglik ish faoliyatimning yarmi davomida rahbarlik lavozimlarida ishlagan bo‘lsamda, hozir olayotgan pensiyam qo‘limda ishlagan o‘qituvchilar yoki shogirdlarimnikidan kam. Ana shunaqa bema’ni tartiblar asosida faoliyat ko‘rsatgan sohadan yana nimani kutish mumkin?!
Oqibat nima bo‘ldi? Bari metodistlar o‘z zimmasiga qo‘yilgan vazifani ado etolmay tarqalib ketdi. Bu jarayonga keyingi yillarda ularning ish haqining biroz ko‘tarilishi ham barham berolmadi. Afsuski, bunday holat hozir ham davom etmoqda. O‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish borasida bir qaraganda turli xil choralar o‘ylab topilmoqda. Har xil litsenziyalar, sertifikatlar berilmoqda. O‘qituvchilar ham ularni qo‘lga kiritish uchun barcha vositalarni ishga solayotir.
Bu tadbirlardan birini, masalan, sertifikat olish tartibini olib ko‘raylik. Bunga erishish uchun o‘qituvchi o‘z ustida ishlab, bolaning emas, o‘zining bilimini boyitishga harakat qiladi. Bu bir tomondan yaxshi, albatta. Ikkinchidan, ajablanarlisi shundaki, u oladigan oyligini oshirish uchun tirishib, ko‘proq ball to‘plash maqsadida hamma choralarni, hatto shubhali dastaklarni ham ishga soladi. Shunday yo‘l bilan u ham vazirlik ustamasini, ham ellik foizlik sertifikatni qo‘lga kiritishga intilib, chiqim qilishdan qochmaydi. Xo‘sh, keyinchi? Bu chora-tadbirlar o‘quvchiga beriladigan sifatli ta’limni kafolatlaydimi? Ana shu joyda ushbu tartibning zaif nuqtasi ko‘rinib qoladi. Shaxsiy fikrimga ko‘ra, o‘qituvchiga qo‘shimcha ish haqi va har turli rag‘batlar uning sertifikatiga qarab emas, ishining natijasiga, ya’ni o‘qitayotgan bolalarining bilim darajasiga qarab berilishi kerak. Ana shunda xalq ta’limiga sarflanayotgan har bir so‘m o‘zini oqlaydi. Bunga ba’zilar murakkab jarayon sifatida qarab, amalga oshirishdan cho‘chiydi. Ammo unutmaslik kerakki, murakkab masalalarning yechimi hech qachon oddiy bo‘lmagan. Kimki murakkab masalalarni oson usul bilan hal qilish yo‘lini ko‘rsatayotgan bo‘lsa, u ta’lim sohasidagi muammolardan bexabar odam.
Sertifikat berish, darsliklarni yangilash, xorij ta’lim metodini joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, yangi usul bilan baholash, kundalik. som yuritish, vazirlik nomini o‘zgartirish va hokazo chora-tadbirlar bilan ta’lim sifatini tubdan yaxshilab bo‘lmaydi. Buning uchun ta’lim tizimida chinakam raqobat muhitini yaratish lozim. Aslo unutmaslik kerak, bilim ham o‘ziga xos ma’naviy mahsulot. Mahsulot bo‘lganda ham mahsulotlarning tag-zamini. Dunyoda insonlar uchun qanaqa ne’mat yaratilmasin, barchasining asosida bilim turadi. Shunday ekan, u munosib baholanmog‘i shart. O‘qituvchilarga arzimagan ish haqi berib, ta’lim sifatini yaxshilab bo‘lmaydi. Ammo shunisi ham aniqki, ularning hammasiga birdan katta oylik to‘lashning iloji yo‘q. Davlat har qancha boy bo‘lgan taqdirda ham, o‘n ikki yillik, majburiy, umumiy o‘rta, bepul, yana buning ustiga yetti tildagi beso‘naqay davlat ta’lim tizimini tashkil etishning o‘zi bo‘lmaydi. Men xorij tajribasini o‘rganib chiqib, shu narsaga amin bo‘ldimki, jahonning boshqa biror mamlakatida biznikiga o‘xshash keng qamrovli tekin ta’lim tizimi mavjud emas.
Xo‘sh, muammo shunchalik chigal ekan, uning oqilona yechimi bormi? "Qalovini topsang, qor ham yonadi", deganlaridek, yaxshilab axtarilsa, har qanday murakkab masalaga yechim topish mumkin. Avvalgi maqolalarimda olis qishloqlarda ham o‘quvchilarga sifatli bilim beriladigan ta’lim muassasalari tashkil etishni taklif qilgandim. Balki hozir davlatimizning yana yuzlab qo‘shimcha maktablar qurishga imkoni yo‘qdir. Bu holatda ham masalaga yechim topish mumkin. Aytaylik, hozirgi mavjud maktablarda ko‘plab saralangan sinflar tashkil etilmoqda. Ularda saboq berishga mahoratli ustozlarni safarbar qilish zarur.
Har bir hududda o‘z fanini puxta biladigan oliy toifali muallimlar bor. Ular faqat bir maktab doirasidagina faoliyat ko‘rsatmoqda. Holbuki, yo‘lini topib, bunday ustozlardan samarali foydalanish mumkin. Afsuski, hozirgi joriy tartib bilan bu kabi safarbarlikni mutlaqo amalga oshirib bo‘lmaydi. O‘qituvchi buni xohlagan taqdirda ham asosiy ish joyidan tashqaridagi maktabda o‘rindoshlik asosida kam ish haqi to‘lanadi. Masalan, menga yaqin-atrofdagi maktablardan saralangan sinflarga dars berish taklif etilsa, menga ma’qul kelmasligi mumkin. Agar bizga o‘xshagan oliy toifali muallimlarning mehnati munosib ravishda yuqori taqdirlanganda edi, bunday taklifni jon-jon deb qabul qilgan bo‘lardik va bundan ta’lim tizimi ko‘p narsani yutardi. Shu ma’noda, yana takror aytaman, tizimni chuqur isloh qilmasdan turib, samarali natijalarga erishib bo‘lmaydi.
Qayd etib o‘tganimizdek, tizimda birinchi navbatda tuzatish lozim bo‘lgan jihat - pedagog xodimlarning ishiga haq to‘lash tartibi. Bunda biz dunyo tajribasi bilan bir qatorda o‘zimizdagi azaliy iqtisodiy bilim asoslariga ham murojaat qilib qo‘ysak yomon bo‘lmaydi. Masalan, ulug‘ sarkarda, yetuk siyosiy arbob Amir Temur o‘zining tuzuklarida quyidagilarni dasturulamal sifatida qayd etgan: "Amr qildimki, amirlar, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar va boshqa sipohiylarga ushbu tartibda maosh berilsin: oddiy sipohiyga o‘z vazifasini o‘rinlatib bajarish sharti bilan maoshi mingan otining bahosi bo‘lsin. Bahodirlarning maoshi ikki ot bahosidan to‘rt otgacha tayin qilinsin. O‘nboshilar maoshi qo‘l ostidagi oddiy sipohiylardan o‘n barobar ortiq bo‘lsin. Yuzboshilar maoshi o‘nboshilarga qaraganda ikki barobar, mingboshilarniki esa yuzboshilarnikidan uch barobar ziyoda bo‘lsin" ("Temur tuzuklari", 70-sahifa, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot, T., 1991 yil).
Ko‘rinib turibdiki, u kishi har bir davlat xizmatchisi maoshini xizmat pillapoyasiga qarab, adolatli belgilagan. Bizning tizimda esa aksincha, teskari tartib amal qilgan. Buning natijasi o‘zini uzoq kuttirmadi. Qisqa 30-40 yil ichida ta’lim tizimi chuqur tanazzulga yuz tutdi. Buning bosh sababi: pedagog xodimlarga o‘sha otam zamonidan qolib ketgan ish haqi to‘lashning tekischilik tamoyilidir. Bu holatga namuna qilib, yana bir misolni keltirib o‘taman. Bugun yoshlarning, umuman, kadrlar savodxonligining o‘ta past ekanligi haqida hamma shikoyat qilyapti. Qayerga qaramang, g‘ij-g‘ij xatolarga guvoh bo‘lasiz. Darsliklardan tortib ko‘chalardagi peshlavhalargacha imlo xatolari bilan yozilmoqda. Endi o‘zingiz mulohaza qilib ko‘ring: ona tili o‘qituvchilariga daftar tekshirish uchun to‘lanadigan ish haqi bir oyda 200 ming so‘mga ham yetmaydi. Holbuki, daftar tekshirishga dars soatlaridan ham ko‘proq vaqt va mehnat talab qilinadi.
Masalan, bir soatlik yozma ishlarni sinchiklab sifatli ko‘rib chiqish uchun kamida ikki soat vaqt kerak bo‘ladi. Oqibatda o‘qituvchi daftarlarni nomigagina, yuzaki tekshirib, baho qo‘yadi. Mana, chalasavodlik ildizini qayerdan qidirish kerak. Shu o‘rinda bizda hozir keng urf bo‘lib borayotgan xorij tajribasini joriy etish haqida ham ayrim mulohazalarni aytib o‘tsam. “Xorijniki desa, xo‘rozqandni yotib yalashga” ehtiyoj yo‘q. Asrlar davomida o‘zini oqlab kelgan milliy pedagogik an’analarimiz mavjud. Qolaversa, chet ellardagi iqlim, muhit, xalq mentaliteti bizga mos tushmasligi tabiiy holat. Masalan, o‘sha Finlandiyani olib ko‘radigan bo‘lsak, bu mamlakatdagi tuzum, ta’lim tizimi, pedagog kadrlar salohiyati, o‘quvchi bolalar soni, demografik vaziyat, muallim ustozlarga haq to‘lash tartibi... qo‘yingki, har tomonlama O‘zbekistondagi sharoitdan tamoman farq qiladi. Nazarimda, bizdagi ta’lim tizimi mutlaqo o‘zimizning milliy ehtiyojlarimizga javob beruvchi, har tomonlama milliy ta’lim modelimiz bo‘lishi lozim. Unda o‘zimizdagi xususiyatlar to‘lasincha o‘z aksini topishi kerak. Xorij tajribasining bizga asqotadigan ijobiy tomonlaridan unumli foydalanilsa, shubhasiz, foydadan xoli bo‘lmaydi. Ammo xorijda shunaqa ekan, deb ko‘rko‘rona taqlid qilish oqibati teskari natija berishi mumkin. Shu ma’noda har bir yangilik va o‘zgarishlar avvalo, tor doirada sinab ko‘rilishi, samara bergan taqdirdagina hayotga tatbiq etilishi shart.
Shunday ekan, ta’lim tizimida bir silkitishda tuzatib qo‘yadigan sehrli tayoqchani izlash behuda. Chunki sehrli tayoqcha o‘z qo‘limizda, faqat uni aql bilan ishlata bilsak bo‘lgani.
Xudoyberdi KOMILOV, faxriy pedagog.