Davr fidoyilari: "Maktabdayoq daromad topayotgan o‘quvchilar bor"

Ozoda Salimova ishlaydigan maktabga kirish eshigi ikkita: biridan ustozlar, ikkinchisidan o‘quvchilar foydalanadi. Maktabga bir necha bor borganimizda bu tartib buzilmasligiga guvoh bo‘ldik.

Ehtimol, bu oddiygina holatdir. Ammo ustozning mavqeini oshirish, unga nisbatan hurmat tuyg‘usini shakllantirishda bu oddiygina usul katta natijani beradi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi 11-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi rahbari Ozoda Salimova uchun bolalarning sifatli ta’lim olishi, maktabdagi adolatli muhitdan muhimroq ish yo‘q. Nafaqat o‘qituvchilar, balki o‘quvchilarni ham eng yaxshi, eng yuqori marraga yetishga undashdan charchamaydi, bu yo‘lda ruhlantirishning yangidan yangi usullarini o‘ylab topadi, amaliyotga joriy etadi.

Shuning uchundir, bugun ushbu maktabda bir nafar xalq o‘qituvchisi, 15 nafar xalq ta’limi a’lochisi, “Do‘stlik, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindorlari faoliyat yuritadi. Maktab qator tanlovlarning respublika bosqichida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Maktabda o‘quvchilarni baholash mezonlari, sinflararo reyting taxtalari doimiy ravishda yangilab boriladi. Kirishdanoq o‘quvchilar duch keladigan ilk ma’lumot ana shulardan iborat. Bu esa o‘ziga xos raqobat hamdir. Ayniqsa, maktabda ta’lim sifatini yaxshilash barobarida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatishdagi tajriba ham havas qilgulik. O‘quvchilar yasaydigan buyumlar, tikadigan mahsulotlarning bozorda xaridori bor va ular bundan oz bo‘lsa-da, daromad olishadi, desak ishonavering.

Ustoz-shogirdlikni ulug‘lab kelgan millat sifatida Ozoda Salimova boshchiligida maktab jamoasi ham bu qadriyatlarni, nafaqat o‘zaro hurmat, balki ta’lim-tarbiyada ham an’analarimizni saqlagan holda zamonaviy bilimlarni ulashayotgani havas uyg‘otadi, kishida.