Yaxshidan bog‘ qoladi

Bu mashhur ibora xalqimizning asrlar davomida shakllangan hayotiy, milliy va diniy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan. Ammo uning bevosita sadaqai joriya (to‘xtamaydigan, davomli savob) tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq ekanini hamma ham bilmasa kerak.

Sadaqai joriya – insonga uning hayotligida ham, vafotidan keyin ham uzluksiz ajr yetkazib turadigan ezgu amal. Boshqacha aytganda, kishi bu dunyoni tark etganidan so‘ng ham nomai a’moliga savob yozishiga sabab bo‘ladigan ma’naviy sarmoya.

Sadaqai joriyaning fazilati va ahamiyati ko‘plab hadislarda zikr qilingan. Xususan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Inson vafot etsa, uning uch narsadan boshqa amallari to‘xtaydi. Ular – sadaqai joriya, manfaat olinadigan ilm, haqqiga duoi xayr qiluvchi solih farzand”, deganlar.

Sadaqai joriya faqat moddiy yordam bilan cheklanmaydi. Insonga uzluksiz ravishda uzoq muddatli foyda keltiradigan har qanday xayrli ish sadaqai joriya hisoblanadi. Ilm tarqatish, kitob yozish, yo‘l, ko‘prik, maktab, kutubxona, masjid, shifoxona qurish, kam ta’minlangan oilalarga uy-joy barpo etish, quduq va ariqlar qazish, suv va gaz tarmoqlarini o‘tkazish, bog‘-rog‘ barpo qilish shular jumlasidandir.

Sadaqai joriya qilish uchun boy bo‘lish shart emas. Har kim o‘z imkoniyatidan kelib chiqqan holda bunga qo‘l urishi mumkin. Hatto bir qultum suv yo bir dona xurmo berish ham savobli amaldir. Bunday xayrli ishlarning ayrimlari zamon va makon bilan cheklanmaydi, ayrimlari muayyan hududga xos bo‘ladi. Yana boshqalari esa ma’lum bir mavsumda ado etiladi. Shulardan biri – ko‘chat o‘tqazish, ya’ni bog‘ barpo qilishdir.

Inson bu dunyodan hech narsa olib ketmaydi. Ammo nima qoldirishi muhim masaladir. Yaxshi amal, ezgu nom va albatta, undirilgan bog‘ insondan qoladigan moddiy va ma’naviy merosdir.

Ajdodlarimiz qadimdan bahor faslini yangilanish va obodonlik mavsumi sifatida alohida mehr bilan kutib olgan. Shu kunlarga sog‘-omon yetgani uchun Yaratganga shukronalar aytib, ezgu niyatlar bilan yerga urug‘ qadagan, mevali va manzarali daraxtlar ekkan. Albatta, bu ishlarni ularning fazilati nechog‘li ulug‘ ekanini anglagan holda, qalb amri – ixlos bilan savob umidida amalga oshirgan.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmon biror ko‘chat (daraxt) yoxud biror ekin eksa-yu uning hosili – mevasidan inson, qush yo hayvon yesa, bu uning (ekkan kishi) uchun sadaqa bo‘ladi”, dedilar”.

Bugun o‘tqazilgan ko‘chat ertaga soya beradi, meva hadya etadi, havoni musaffo qiladi. Bir tup daraxt yillar davomida o‘nlab, yuzlab va undan ham ko‘p insonlarga naf keltiradi. Demak, bu bir marta qilingan yaxshilikning uzoq yillik samarasidir.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni odamlar keksayib, qoshlari ko‘zini to‘sgan bir kishining mashaqqat bilan ko‘chat ekayotganini ko‘rib: “Otaxon, yoshingiz ancha ulug‘ ekan, shunga qaramay daraxt ekish bilan ovorasiz-a! Dam olsangiz bo‘lmaydimi?!” debdi. U kishi mashhur sahoba Abu Dardo roziyallohu anhu ekan. “Habibim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga aytganlarki...” deb, mana bu hadisni rivoyat qilibdi: “Qiyomat qoim bo‘lib qolsa-yu qaysi biringizning qo‘lingizda ekaman deb turgan ko‘chat niholi bo‘lsa, uni ekib qo‘ysin”.

Demak, daraxt, ekin ekish, umuman, yaxshilik qilishning fazilati shunchalar ulug‘ ekanki, hatto “qiyomat qo‘pti” degan paytda ham inson undan to‘xtamasligi kerak ekan.

Dovud ibn Abu Dovud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kun Abdulloh ibn Salom menga: “Xurmo ko‘chatini o‘tqazayotgan bo‘lsang, Dajjol chiqqanini eshitsang ham to‘xtama. Shoshilmay, uni isloh qil (ekib ol). Hali undan (Dajjoldan) keyin ham odamlar yashaydi”, dedi”.

Ma’lumki, xurmo daraxti sekin o‘sadi va uzoq yillardan keyin hosilga kiradi. Hadisda aynan xurmo misol qilib keltirilishi insonning uzoqni ko‘zlab, sabr va matonat bilan amal qilishi kerakligini anglatadi.

Yurtimizning qay hududiga bormaylik, rang-barang bog‘lar va manzarali daraxtlar ko‘zga tashlanadi. Yo‘lovchilar daraxtlar soyasida dam oladi, bolalar mevalardan bahramand bo‘ladi. Shunda beixtiyor ularni ekkan insonlar haqqiga duo qilinadi. Eng oddiy, oson va yengil, hammaning qo‘lidan keladigan, katta mablag‘ va mashaqqat talab qilmaydigan sadaqai joriyalardan biri shu.

Bahor – yangilanish va bunyodkorlik fasli. Keling, shu muborak mavsumda hovlilarimiz, mahalla va ko‘chalarimizni mevali va manzarali daraxtlar bilan bezab, yurtimizning yanada ko‘rkam va obod bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Zero, o‘tqazilgan har bir ko‘chat kelajakka qaratilgan xayrli qadamdir.

Yo‘ldoshxon ISAYeV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi