Kelajak egalari uchun yangi imkoniyatlar davri
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ishtirokida kecha yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Ushbu uchrashuv mamlakatimizda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy, innovatsion va tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan amaliy qadamlarni belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Muloqot davomida yoshlarning fikr va takliflarini eshitish, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlarni ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Innovatsion g‘oyalar, startap loyihalar, ta’lim va bandlik sohalaridagi tashabbuslarning tinglanishi davlat siyosatining ochiqligi va xalqchilligini yana bir bor namoyon etdi.
Bugungi kunda yurtimiz aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadi. Shu bois ularning faolligi mamlakat taraqqiyotining asosiy drayveriga aylanmoqda.
Innovatsion fikrlaydigan yoshlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan 63 ta startap loyihasi AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgani mamlakatimizda innovatsiya va tadbirkorlik muhitini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Sport sohasida ham yoshlarimiz munosib yutuqlarga erishmoqda. Xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilgan yuzlab medallar — yurt bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan barkamol avlod kamol topayotganidan dalolatdir. Ayni paytda mamlakatimiz tadbirkorlarining 35 foizini yoshlar tashkil etayotgani iqtisodiy faollikning yangi avlodi shakllanayotganini anglatadi.
Prezident tashabbusi bilan har haftaning payshanba kuni vazirliklar, idoralar va hokimliklarda “Yoshlar kuni” o‘tkazilishi belgilangani davlat boshqaruvida yangi ish uslubini joriy etmoqda. Bu kunda rahbarlar joylarga chiqib, yoshlarning muammo va takliflarini bevosita eshitadi hamda ularni joyida hal qilish choralarini ko‘radi. Bu esa muloqotni rasmiy hisobot emas, amaliy natijaga qaratilgan tizimga aylantiradi.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi e’lon qilingani mazkur sohada yangi bosqichni boshlab beradi. Endilikda o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori oshirilib, yirik loyihalar uchun katta hajmdagi mablag‘lar ajratish imkoniyati yaratilmoqda. Innovatsion startaplar uchun 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi esa yosh ixtirochilar uchun ulkan rag‘batdir. Shuningdek, “Yosh tadbirkorlar” tanlovi orqali eng yaxshi loyihalarni brend darajasiga olib chiqish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur muloqot yoshlar va davlat o‘rtasidagi ishonch va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi. Bu kabi tashabbuslar izchil davom etar ekan, yoshlarimizning bilim-salohiyati, tadbirkorlik ruhi va vatanparvarlik tuyg‘usi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Akbarali Qayumov,
xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.