Abu Lays Samarqandiy kim bo‘lgan?
Bu zotning to‘liq ismi Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Abu Lays as-Samarqandiy al-Hanafiydir. Tafsir, fiqh usul (din asoslari), aqida, zuhd bo‘yicha ko‘plab asarlar yaratgan buyuk alloma Samarqand shayxulislomi bo‘lgan. U yashagan davrda yurtimizda lug‘at, tafsir, hadis, fiqh ilmlari rivojlangan. Mana shunday ilmiy muhitda yashab ijod qilgan allomadan katta ma’naviy meros qolgan. Uning "Bahr al-ulum" ("Ilmlar ummoni"), "Uyun al-masoyil" ("Masalalar sarchashmasi"), "Tanbehul-g‘ofilin" (“G‘ofillarga tanbehlar”), "Bo‘ston al-orifin" ("Oriflar bo‘stoni") kabi asarlari bizgacha yetib kelgan va nashr qilingan.
Allomaning tug‘ilgan yili sifatida muarrixlar hijriy 301-310-yillar orasi va 911-milodiy yilni ko‘rsatishadi. Ul zotning kunyasi (shajarani bildiradigan laqabi) Abu Lays, ya’ni "Laysning otasi" degani. "Lays" lug‘atda sher, arclon ma’nosini beradi. U zotning Lays degan farzandlari bo‘lganmi yoki "Abu Turob" singari majoziy laqabmi, noma’lum. Har holda kunya ekani aniq. O‘z davrida kunyasi bilan laqabi qo‘shib aytilgan. Masalan, "faqih Abu Lays aytdi". Laqablaridan biri "al-faqih" bo‘lib, bu laqabi bilan u jahonga tanilgan. Alloma fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmasdi. Faqih so‘zining oldida arab tilidagi "al" artikli qo‘shilib, uni "al-faqih" deb atalishi ham shunga ishoratdir.
Abullaysning o‘zi ham "al-faqih" laqabini yaxshi ko‘rardi. Chunki rivoyatlarga qaraganda, "Tanbehul g‘ofilin" kitobini yozgan mahallarida bir kecha u kishining tushlariga Nabiy sollallohu alayhi vasallam kirib, yozgan kitoblarini tutqazib: "Yo faqih! Kitobingni ol!" deydilar. Uyg‘onganlarida kitoblarida Payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini, izlarini ko‘radilar. Shundan keyin "faqih" degan nomni sevadilar va u tufayli ko‘p barakotlarga noil bo‘ladilar. Ikkinchi unvonlari "Imomul-huda". Bu laqab bilan yana bir buyuk alloma Abu Mansur al-Moturidiy ham atalgan.
Abullaysning vafoti haqida ham muarrixlar turli sanalarni ko‘rsatadilar. Dovudiy o‘zining "Tabaqot al-Mufassirin" kitobida 393-hijriy yilning jumod al-oxir oyining seshanba 11-kechasida vafot etgan, degan. "Javohir al-mo‘zi’a" asarida 373-seshanba kechasida, "Kashf az-zunun" asarida 376, yoki 383, yoki 375-hijriy yilda vafot etgan, deyiladi. Arab merosi tarixida 373, yoki 375, yoki 393-hijriy yilda vafot etgan, deyilgan.
Ya’ni, alloma 985 va 1003-milodiy yillar orasida vafot etgan. Manbalarda uning oilasi haqida xech narsa yozib qoldirilmagan.
Tug‘ilgan joyi Samarqanddir. "Bahr al-ulum" tafsirining kirish qismida u shahar haqida shunday deyiladi: "Arablar uni Siron ham deydilar. Safd vodiysining janubida joylashgan bu joy iqlimi yaxshi va katta shahardir".
Bir shoir bu yer haqida shunday degan edi:
Insonlar uchun oxiratda jannat bordir,
Bu dunyoning jannati Samarqanddir.
Bu shahar tolibi ilmlar maskani bo‘lgan. Bu yerga ulamo-yu-fuqaholar, tasavvuf ahllari safar qilar edilar. Shuning uchun bu yer boshqa yurtlar ichida muhim ilmiy o‘rin egallab turar edi. Chunki Abu Lays Samarqandiy qatorida u kishining olimlardan bo‘lgan sheriklari va do‘stlari ham ko‘p edi.
Ulardan:
- Al-Haqim as-Samarqandiy.
- Muhammad ibn Ahmad as-Samarqandiy.
- Ishoq as-Samarqandiy.
- Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn al-Fazl as-Samarqandiy.
- Abu Nasr al-Iyoz as-Samarqandiy.
- Muhammad ibn Usmon as-Samarqandiy.
- Muhammad ibn Abduljalil as-Samarqandiy.
Kalimulloh MAHMUDOV,
"Hidoya" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi.