Payariqdagi “metan zapravka”larda asossiz oshirilgan narxlar tushirildi

Payariqlik haydovchilar tumandagi avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shaxobchalari (ASGTSh)da narx asossiz ravishda oshirib yuborilganligi hamda boshqa tumanlardagiga qaraganda qimmatligidan norozi bo‘lib Samarqand viloyati raqobat boshqarmasiga murojaat yo‘lladi.

Murojaat asosida Payariq va unga qo‘shni tumanlardagi “metan zapravka”larda siqilgan gaz narxi yuzasidan iste’molchilar o‘rtasida monitoring va so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijasida joriy yilning 5 yanvaridan boshlab Payariqdagi mavjud 12 ta ASGTShdan 11 tasida istemolchilarga (1 m3) siqilgan gaz mahsuloti o‘rtacha narxi 300 so‘mga oshirilib, 5300-5400 so‘mdan  sotilayotganligi, boshqa tumanlarda esa ushbu davrda narxlar 5000-5100 so‘m ekanligi aniqlandi.

Shunga asosan, Payariq tumanidagi 8 ta tadbirkorlik sub’yektiga tegishli 11 ta “metan zapravka”da o‘tkazilgan tekshirishlarda mazkur sub’yektlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuni 19-moddasi talablari buzilganligi kuzatildi. Mazkur holatlar bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, shoxobchalar egalariga ko‘rsatma berildi hamda tegishli ta’sir choralari ko‘rilishi ta’minlandi.