Past Darg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida xayriya tadbirlari o‘tkazildi

Ramazon oyi munosabati bilan yurtimiz mahallalarida xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Muborak oy insonlarni ezgulikka, bag‘rikenglikka va saxovatga chorlab, jamiyatda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlamoqda. Ayniqsa, ehtiyojmandlar holidan xabar olish, nuroniylarni e’zozlash, savobli ishlar qilish kabi an’analar bugun har bir mahallada o‘z ifodasini topyapti.

Jumladan, Past Darg‘om tumanining Po‘latchi mahallasida Ramazon oyi munosabati bilan xayrli tadbirlar tashkil etildi. Tuman imom-xatibi hamda mahalla raisi boshchiligida bemor va nuroniy keksalar holidan xabar olinib, ularning dardu-tashvishiga quloq tutildi. Samimiy suhbatlar davomida keksalarga iliq tilaklar bildirilib, duolari olindi.

Homiylar tomonidan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari va Ramazon sovg‘alari ehtiyojmand oilalarga yetkazildi. Mazkur xayrli tashabbus ko‘makka muhtoj xonadonlar uchun katta ma’naviy dalda bo‘ldi. Shuningdek, mahalla faollari tomonidan ayrim ehtiyojmand oilalar xonadonida iftorlik dasturxonlari yozilib, muborak oyning fayzu barakasi his etildi. Iftorlik davralari samimiy suhbatlar, duo va ezgu tilaklar bilan o‘tdi.

Faqat bu kabi xayriya tadbirlari emas, balki ehtiyojmand oilalar istiqomat qilayotgan xonadonlarni ta’mirlash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan Kattaqo‘rg‘on tumani Tavoron mahallasida yashovchi N.Daminova xonadonida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu ezgu amal oilaning turmush sharoitini yaxshilash, ularga munosib yashash imkoniyatini yaratishga xizmat qilmoqda.

Ramazon oyida amalga oshirilayotgan bunday savobli ishlar yurtimizda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlayapti. Ezgulik va saxovat an’analari xalqimizning ma’naviy qiyofasini namoyon etib, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.