Ko‘paygan va kamaygan jinoyat turlari ma’lum qilindi
Yilning dastlabki olti oyida ma’muriy nazorat qoidalarini buzish va pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi moddlari bilan sudlanganlar 5 nafarga kamaygan.
Shuningdek, qasddan bankrotlikka olib kelish 6 nafarga, transport vositasini olib qochish 9 nafarga, qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash 11 nafarga, mansab soxtakorligi 16 nafarga, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish 19 nafarga hamda qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish bilan sudlanganlar 25 nafarga kamaygan.
Bu haqda viloyat sudi raisi Olim Hayitov hamda o‘rinbosarlari, viloyat ma’muriy sudi raisi Tohir Fayziyevlarning jurnalistlar bilan muloqaotida ma’lum qilindi.
Anjumanda viloyatda ko‘paygan jinoyat turlari ham sanab o‘tildi.
Aytilishicha, 2022 yilning birinchi yarim yilligida viloyatda o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish moddasi bilan sudlanganlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 nafarga oshgan.
Bundan tashqari, talonchilik 26 nafarga, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish 37 nafarga, firibgarlik 160 nafarga, o‘g‘rilik 39 nafarga, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish 26 nafarga, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish 23 nafarga va bezorilik 70 nafarga ko‘paygan.