Samarqanddagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda 13 nafar shaxs oqlangan

Bu haqda bugun viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan brifingda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi O.Hayitov aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 9 oyida jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, tuman (shahar) sudlari tomonidan 2675 (2019 yilning shu davrida 2664) nafar shaxsga nisbatan 2146 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan. Shundan 606 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan 553 ta ish tugatilgan.

Sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari bo‘yicha 239 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilingan. Shuningdek, 531 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan JKning 66-1-moddasiga asosan tugatilib, 574 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.

Hisobot davrida ko‘rib tamomlangan 4284 ta materiallar bo‘yicha ichki ishlar organlari probatsiya xizmati taqdimnomalari asosida 1971 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 316 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan.

Jazoni ijro etish manzil koloniyalaridan 339 nafar shaxslar tayinlangan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli va jazo yengilrog‘iga almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi.

Tahlil qilinayotgan davrda 507 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida iltimosnomalarning 505 tasi qanoatlantirilgan va 2 tasi rad qilingan.

Viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 13 ta jinoyat ishi bo‘yicha 13 nafar shaxs oqlangan.