Yangi O‘zbekistonda yangi sud tizimi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga bu galgi Murojaatnomasida ham sud-huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, keyingi to‘rt yil davomida 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, sud sohasini isloh qilish borasida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Sud mustaqilligi jamiyatda adolat tantanasining garovidir. Adolat va qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda fuqarolar erkin va farovon yashaydi, davlat har tomonlama rivojlanadi. Shu sababli sud tizimini isloh qilish davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida. Bu esa, shubhasiz, sud hokimiyati xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
2021 yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini ta’minlaydi. Shu paytgacha viloyat sudlari chiqargan qaror ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning o‘zida ko‘rib chiqilar, bu tartib bilan adolatni tiklash qiyin edi. Shuning uchun nizolar, ovoragarchiliklar davom etardi.
Endilikda bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Odil sudlovga xos bo‘lmagan ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyoti bekor qilinadi.
Muhim yangiliklardan biri sifatida sud tuzilmasidagi o‘zgarishni keltirish mumkin. Ilgari fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha uchta alohida viloyat sudlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, endi ular bitta sud sifatida birlashtiriladi. Ya’ni, bitta viloyat sudi raisi bo‘ladi, uning fuqarolik ishlari bo‘yicha, iqtisodiy ishlar bo‘yicha va jinoyat ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyat ko‘rsatadi. Bu yangilik katta qulayliklarni yaratadi va albatta o‘z samarasini beradi.
Yana bir yangi tartib joriy etilmoqdaki, bu juda ko‘p ortiqcha tashvishlarning oldini oladi. Har bir ishni sudda ko‘rish fuqarolar uchun ham, sud xodimlari uchun ham katta tashvish. Ba’zida arzimagan yoki asoslari yetarli bo‘lmagan ishlar uchun oylab ishlashga to‘g‘ri kelardi. Shuning uchun sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bunda ishni to‘xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo‘lsa, sudning o‘zi yakuniy qaror qabul qiladi. Demak, xodimlar ham, sudyalar ham asossiz, yengil-yelpi ishlarga chalg‘imay, o‘z ishini puxta bajaradi. Sud qarorlarining sifati oshadi.
Yurtimizga keladigan har bir investor biz uchun qadrli. Chunki, u mablag‘ olib keladi, korxona tashkil etadi, odamlarni ish bilan ta’minlaydi, iqtisodiyotga foyda keltiradi. Lekin ular nizolar vujudga kelganda ovora-sarson bo‘lib, o‘z haq-huquqlarini yetarli himoya qilolmas edi. Endilikda investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi investorlar o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin. Bu yangilik yurtimizda qonun ustuvorligiga ishonchni orttirib, investorlar oqimi oshishiga yordam beradi.
Bu yil 2020 yil sentyabr oyida boshlangan sud tizimini raqamlashtirish yanada kengaytiriladi. Zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish fuqarolarimizga juda katta qulayliklar yaratmoqda. Sud binosiga kelmasdan, “onlayn” tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.
Murojaatnomada korrupsiyaga qarshi kurashish, jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash borasida ham qimmatli fikrlar, aniq topshiriqlar berildi.
Bugun “Yangi O‘zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda. Xuddi shunday Yangi O‘zbekistonning sud tizimi ham unga mos, chinakam adolat qo‘rg‘oniga aylanishi lozim.
Olimjon Hayitov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi raisi.